Xorazmlik “Vatan tayanchi” aʼzolari shiddatli musobaqada bellashdi

0
1779

Urganch shahridagi koʻrkam “Yoshlar” sport majmuasida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Yoshlar ishlari agentligi viloyat kengashi hamda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi bilan hamkorlikda “Vatan tayanchi” otryadlari aʼzolari ishtirokida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Xorazm viloyati bosqichi oʻtkazildi.

Musobaqada 11 ta tuman hamda Urganch va Xiva shahar bosqichida gʻolib boʻlgan maktablarning yuqori sinflarida tahsil olayotgan oʻquvchilaridan iborat jami 13 ta jamoa shiddatli bahslarda oʻzaro kuch sinashdi.

Musobaqa nizomiga koʻra bellashuvda har jamoadan 7 nafar oʻgʻil va 3 nafar qiz bolalar ishtirok etishiga ruxsat berilgan. Harbiy-sport musobaqasi davomida ishtirokchilar, “Mohir mergan”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish”, “Safda qoʻshiq aytish”, “Amir Temur tuzuklari bilimdoni” hamda “Turnikda tortilish” shartlarida kuch sinashdi.

Bu yilgi nizomga kiritilgan “Vatan tayanchi yulduzlari” deb nomlangan yangi shartda ishtirokchilar kamida 5 nafardan kam boʻlmagan tarkibda oʻzlari tugʻilib oʻsgan hududi haqida qoʻshiq tayyorlab, kuylab berishlari kerak boʻladi.

Gʻolib va sovrindor jamoalarni taqdirlash marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari polkovnik Ulugʻbek Doʻsmatov ishtirok etib, oʻsib kelayotgan yosh avlod uchun mamlakatimiz tomonidan berilayotgan eʼtibor, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yoʻlida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarni eʼtirof etdi. Bu kabi musobaqalar yoshlarda liderlik xususiyatlarini shakllantirib, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini odat qilishga targʻib etishi bilan ahamiyatli ekanini taʼkidladi.

Yakuniy natijalarga koʻra, barcha shartlar boʻyicha yuqori natija koʻrsatgan Yangiariq tumanidagi 5-son maktabning “Jasorat” jamoasi shohsupaning uchinchi pogʻonasidan joy oldi. Gurlan tumanidagi 42-son maktabning “Sher” jamoasiga ozgina imkoniyat yetmadi va ular faxrli ikkinchi oʻringa loyiq deb topildi. Musobaqaning mutlaq gʻolibiga esa Xonqa tumanidan kelgan 40-son maktabning “Vatanparvarlar” jamoasi aylandi va yakuniy bosqichda mudofaa vaziri kubogini Xorazmga olib kelish uchun bellashuvlarda ishtirok etish yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, musobaqa nizomiga koʻra ishtirokchilar “Eng kuchli sportchi”, “Eng yaxshi mergan”, “Amir Temur tuzuklari bilimdoni” hamda “Eng yaxshi ijrochi” kabi nominatsiyalar boʻyicha mukofotlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati