Qurolli Kuchlar tarixi

Qurolli Kuchlarimizni barpo etish yo‘lida qo‘lga kiritilgan beqiyos yutuqlardan g‘ururlanar ekanmiz, yosh davlatimizni qurish jarayonida milliy armiyamizni shakllantirish o‘z-o‘zidan bo‘lmaganini unutishga haqqimiz yo‘q. Ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod shuni yaxshi anglab yetishi kerakki, O‘zbekiston olib borayotgan mustaqil siyosatga qarshi bildirilgan ogohlantirish va do‘q-po‘pisalar, amalda namoyish etilgan tazyiqlar, tanlagan taraqqiyot yo‘limizdan qaytarishga qaratilgan jiddiy harakatlar sharoitida davlatimiz rahbariyati ulkan jasorat bilan milliy armiyamizga asos solish, shakllantirishga qaror qilgandi.

Oʻzbekiston oʻz davlat mustaqilligini eʼlon qilgan bir sharoitda davlatchiligini saqlab qolish uchun mudofaa siyosatini ham belgilab olishni dolzarb vazifalardan biri sifatida oldinga surdi. Chunki Oʻzbekistonga chegaradosh boʻlgan davlatlarda notinchlik hukm surayotgandi. Bundan tashqari, 80-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab sobiq ittifoq hududida milliy nizolar, chegara masalalarida kelishmovchiliklar kelib chiqa boshlagan edi.

Mudofaa ishlari vazirligi vakolatlari doirasiga respublika hududida joylashgan SSSR Mudofaa vazirligi hamda Ichki qoʻshinlar harbiy qism va qoʻshilmalarini shakllantirish va boshqarishda, kollektiv xavfsizlikni tashkil etishni taʼminlashda va Ittifoq strategik qoʻshinlari taʼminotida ishtirok etish, Milliy gvardiyani butlash va faoliyatini yuritish, chaqiruvga qadar yoshlarni tayyorlash, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish va xizmatni  oʻtashi, zaxiradagi harbiy xizmatga majburlarni oʻqitish, muqobil xizmatni tashkil etish, Fuqaro muhofazasiga rahbarlikni amalga oshirish kiritildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1991-yil 10-sentabrdagi 245-sonli Farmoni bilan Mudofaa ishlari vaziri etib polkovnik Ahmedov Rustam Oʻrmonovich tayinlandi.

Mudofaa ishlari vazirligiga quyidagi vazifalar yuklatildi:

  • harbiy safarbarlik tadbirlari;
  • Milliy gvardiya tuzish va taʼlim berish;
  • fuqarolar mudofaasini amalga oshirish;
  • harbiy bilim yurtlarini butlash;
  • oliy oʻquv yurtlaridagi harbiy kafedralar va muntazam harbiy tayyorgarlik maktablarini boshqarish;
  • muqobil xizmatni tashkil etish;
  • urush qatnashchilari va baynalminalchi jangchilar bilan ishlash;
  • harbiy xizmatga chaqirish, qoʻshinlarni joylashtirish, harbiy mashqlar oʻtkazishni muvofiqlashtirish;
  • qoʻshin va harbiy obyektlarni yangi joyga koʻchirib joylashtirish;
  • harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish;
  • yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash.

Dunyoda kechayotgan siyosiy jarayonlarning rivojining tahlilidan kelib chiqib, 1992-yil 3-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi “Mudofaa to‘g‘risida”, “Umumharbiy majburiyatlar va harbiy xizmat to‘g‘risida” va “Muqobil xizmat to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qildi. Yosh mustaqil davlat talablariga javob beradigan Qurolli Kuchlarining yaratilishida mustahkam qonuniy poydevor yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat manfaatlarini himoya qilish uchun yetarli bo‘lgan Qurolli Kuchlarini yaratdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qurolli Kuchlarini yaratishida bir necha me’yoriy hujjatlar imzoladi. Ular qatorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 6-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi va Qurolli Kuchlar Bosh shtabining yaratilishi to‘g‘risida”gi qarorining imzolanishidir. Ularning maqsadlari – bosqichma-bosqich professional armiyani yaratish, tarkibi bo‘yicha kam sonli, biroq harakatchan, zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarog‘ bilan jihozlangan, O‘zbekiston xavfsizligini mustaqil va ishonchli himoya etishga qodir armiyani yaratish edi. Quruqlikdagi qo‘shinlarning, korpus-brigada-batalyon tashkiliy-shtat tizimiga o‘tkazish boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yaratilishida Oliy qonunchilik organining muhim hujjati – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 14-yanvardagi qarori hisoblanadi. Unga ko‘ra sobiq SSSR Qurolli Kuchlarining O‘zbekiston hududida joylashgan barcha harbiy qismlari, birlashmalari, harbiy bilim yurtlari, harbiy muassasalari va tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi ixtiyoriga o‘tkazildi va ularning moddiy, moddiy – texnik ta’minoti joriy etildi.

Shuni alohida takidlash joizki, keyingi yillarda, qisqa vaqt ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz mudofaa tizimida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Yangi qabul qilingan “Mudofaa doktrinasi” va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlar asosida qo‘shinlarimizning faoliyat yo‘nalishlari bugungi zamon talablariga mos ravishda qatʼiy belgilab olindi.