“QIZIL TOGʻ”DA ULKAN BOGʻ BARPO ETILMOQDA

0
7200

Bugungi kunda butun dunyoda iqlim oʻzgarishi natijasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish zarurati paydo boʻlmoqda. Shuning uchun ham yangi oʻn yillikning asosiy yoʻnalishlaridan biri — bu atrof-muhitni muhofaza qilishdan iborat boʻlishi shubhasiz.

Yurtimizda ham atrof-muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish, tabiiy ekotizimlarni saqlash va tiklash borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. 2021-yil noyabr oyida Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi “yashil” yoʻnalish Oʻzbekistonda davlat siyosati darajasiga koʻtarilganini yaqqol koʻrsatdi. Shundan buyon har yili kuzgi va bahorgi daraxt ekish mavsumlari eʼlon qilinib, ming-minglab koʻchat turlari umumharakat doirasida ekilmoqda. Hududlarni koʻkalamzorlashtirish, mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini ekish, ona Vatanimizda bogʻ-u rogʻlarni, yashil hududlarni koʻpaytirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Natijada oʻtgan qisqa davr ichida yashil bogʻ va jamoat parklari, yashil hudud va qoplamalar barpo etildi. Umuman, jamiyatda, masʼullarda daraxtga nisbatan munosabat oʻzgardi.

Albatta, bu ishlarni amalga oshirishda xalqimizning bogʻdorchilik borasidagi boy tajribasiga tayanilyapti. Respublika shtabi tuzilib, unga Fanlar Akademiyasi, Tuproqshunoslik va Oʻrmonchilik institutlari, oʻrmon xoʻjaligi rahbarlari kiritilgan. Ular tuproq tahlili va iqlim sharoiti asosida koʻchat turini belgilab bermoqda.

Toshkent viloyati Parkent tumanida joylashgan “Qizil togʻ” (“Krasnagorsk”) hududidagi betakror tabiat avvaldan xorijiy va mahalliy sayyohlarni oʻziga jalb qilib kelgan. Endi bu yerga keluvchi mehmonlar soni ortishi turgan gap. Boisi, Mudofaa vazirligi hududdagi 500 gektar qarovsiz maydonga hashar yoʻli bilan turli mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtkazib, ulkan bogʻ barpo etish harakatini 2021-yildayoq boshlab yuborgan edi. Hozirda ushbu jarayon qizgʻin davom etmoqda. Koʻchatlar toʻliq tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida parvarish qilinayotgani ham diqqatga sazovor.

Shu yerda tugʻilib oʻsgan, hududning har bir tosh-u giyohini yaxshi taniydigan Saidahmat Soatov ham bugun bu yerda oʻz bogʻini yaratishga kirishgan.

– Harbiylarimizning shashtini koʻrib, uyda jim oʻtirolmay qoldim. Men ham bir bogʻ yaratsam, deb anchadan buyon niyat qilib kelardim. Soʻng harbiylarimizga uchrab, niyatimni aytdim, ular yoʻq deyishmadi. Mana hozir mevali daraxtlardan iborat oʻzimning bogʻimni yaratyapman. Suv bilan bogʻliq muammolarimiz ham oʻz yechimini topdi. Albatta, bu ishlar ham harbiylarimiz tomonidan amalga oshirildi.

Hududda 2021-yildan buyon jami 500 mingdan ziyod mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. Koʻchatlarning tutib ketish koʻrsatkichi yuoqri natijani qayd etmoqda. Bu yil bodom koʻchatlaridan dastlabki hosil olish koʻzda tutilgan.

Donishmand xalqimiz bejizga yaxshidan bogʻ qoladi, demagan. Hamma makon va zamonlarda ham yaxshi insonlardan faqat va faqat ezgu amallaru yashnab turgan bogʻlar qolgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti