“Toʻmaris izdoshlari—2023” respublika tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

0
2887

Xabaringiz boʻlsa harbiy xizmatchi ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, harbiy jamoalarda ularning oʻrnini oshirish, kundalik xizmatda faol ishtirokini taʼminlash maqsadida 2023-yilning 19-20-oktyabr kunlari Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi ayollari oʻrtasida “Vatan mehri yuragimda” shiori ostida “Toʻmaris izdoshlari-2023” nomli Respublika tanlovi oʻtkazildi.

Unda Mudofaa vazirligi terma jamoasi faoli ishitrok etib faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan edi. Nihoyat, yurtimizda Vatan himoyachilari kuni bayrami shukuhi kezib yurgan shunday sururli kunlarda Mudofaa vazirligi Harbiy tibbiyot akademiyasi katta majlislar zalida mazkur tanlov ishtirokchilarini taqdirlashga bagʻishlagan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Unda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar xizmatchilari va boshqa davlat, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan vazir o‘rinbosari bugun yurtmizda har sohada, shu jumladan, harbiy xizmatda ham ilgʻorlikka erishayotgan ayollarning shaʼniga iliq fikrlarini bildirdi. Ulardagi yuksak bilim, malaka matonat va jasoratni eʼtirof etdi. Ularning kelgusi xizmat faoliyatlariga yanada ulkan zafarlar tiladi.

Shunday qilib tantanada “Toʻmaris izdoshlari-2023” tanlovining 13 nafar gʻoliblari taqdirlandi. Ularga mudofaa vazirining diplom va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.

Shu kuni Mudofaa vazirligi tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirishga munosib hissa qoʻshgan harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar xizmatchilari va keng jamoatchilik vakillariga “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar aʼlochisi” koʻkrak-nishoni topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti