Qurolli Kuchlar akademiyasida OAV vakillari uchun press-tur tashkil qilindi

0
1429

Ayni kunlarda yurtimizda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik festivallari keng miqyosda, bayram shukuhida o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur tadbirlardan ko‘zlangan maqsad xalq va armiya birdamligini mustahkamlash, qolaversa, Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan ishlar bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirishdan ham iboratdir.

Bugun, 9-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi faoliyati, ta’lim jarayonlari, ta’lim uchun yaratilgan sharoitlar bilan OAV vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida Mudofaa vazirligi, Qurolli Kuchlar akademiyasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uyushma qoshidagi harbiy-vatanparvarlik kengashi hamkorligida “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!”  mavzusida PRESS-TUR tashkil qilindi.

Dastlab press-tur ishtirokchilari harbiy orkestr sadolari ostida kutib olindi hamda ularga akademiya saf maydonida harbiy orkestr, faxriy qorovul va vzvod bo‘linmasining qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari, shuningdek, akademiya madaniyat markazida muassasa faoliyati, ta’lim jarayonlari va sharoitlari haqida tayyorlangan videorolik namoyish etildi.

Shundan so‘ng oliy harbiy ta’lim muassasasi bo‘ylab ekskursiya boshlandi. Unda OAV vakillari akademiya tarix muzeyidagi eksponatlar, axborot-resurs markazida yaratilgan sharoitlar, kursantlar bo‘linmasi yotoqxonasidagi qulayliklar, “Amir Temur”, “Zahiriddin Muhammad Bobur”, “Jaloliddin Manguberdi” tematik sinflari va “Psixologik tayyorgarlik markazi” hamda sport majmuasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.

Shu bilan birga, jurnalistlar kursantlarning harbiy va zirhli texnikalar trenajyorlarida texnikani boshqarish va haydash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, trenajyordan otish bo‘yicha tashkil etilgan musobaqada o‘zaro bellashdilar. Musobaqa natijalariga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Press-tur yakunida ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga Mudofaa vazirligi axborot xizmati va Qurolli Kuchlar akademiyasi mas’ullari tomonidan batafsil javob berildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar depatamenti