Harbiy xizmatchilarning tibbiyot boʻyicha bilimlari mustahkamlanmoqda

0
2003

2022-yilning sentyabr oyidan Nukus harbiy gospitali qoshida tibbiy mutaxassislikka ega boʻlmagan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning harbiy xizmatchilari “Taktik mediklar” oʻquv dasturi boʻyicha taʼlim olishi boshlangan edi. Joriy oʻquv yili boʻyicha boshlangan uchinchi mavsum nazariy va amaliy mashgʻulotlarida interfaol usullardan keng foydalanilayotgani hamda zamonaviy tibbiy maketlar qoʻllanilayotgani ahamiyatlidir.

Taktik tibbiyot tushunchasi bevosita jang maydonida koʻrsatiladigan, askarning hayotini saqlab qolish va hayoti uchun xavfli holatlarni bartaraf etish hamda nogironlikka olib keluvchi oqibatlarning oldini olishga yoʻnaltirilgan tibbiy chora-tadbirlarni oʻzida majussam etadi.

Jangda birinchi tibbiy yordam koʻrsatishning samaradorligi, albatta, jarohatlanganga yordam koʻrsatish vaqti va sifatiga bevosita bogʻliq boʻladi. Jarohatlanish, zararlanish yoki yaralanishda birinchi daqiqalardan koʻrsatilgan tibbiy yordam tufayli inson sogʻligini saqlashga erishish va aksincha, jabr koʻrganning salomatligiga jiddiy putur yetkazish mumkin. Shuning uchun ham Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida har bir harbiy xizmatchining oʻziga va safdoshlariga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish amallari va usullarini mukammal bilishiga katta eʼtibor qaratib kelinmoqda. Harbiy xizmatchilarning bu boradagi bilim va koʻnikmalari mustahkamlanib, ular bilan alohida mashgʻulotlar tashkil etiladi.

Nukus harbiy gospitalida tahsil olayotgan harbiy xizmatchilar bilan dastlab odam anatomiyasi, fiziologiyasi oʻrganilib, shundan soʻng jang maydonida ehtimoliy yaralanish va zararlanish hamda jabrlanganga birinchi tibbiy yordam berishning turli usul va uslublari mukammal oʻrgatiladi. Jangda yaradorlarni olib chiqish, evakuatsiya qilish boʻyicha zarur bilimlar boyitiladi. Taʼlim dasturi yakunida har bir tinglovchi oʻzlashtirgan mavzular boʻyicha 6 soatlik nazariy va amaliy imtihonlarni topshirib, tegishli sertifikatga ega boʻladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati