Harbiy sportchilar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

0
1156

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish ijtimoiy siyosatning muhim yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Chunki sport aholi salomatligini mustahkamlash, yosh avlodni sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash orqali jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptiradi. Turli kasalliklar, yoshlar oʻrtasida zararli odatlarning oldini oladi.

Sport yuksak madaniyat, vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirishda ham muhim oʻrin tutadi. Bu sohada erishilgan yutuqlar mamlakatni dunyoga tanitadi, barcha yurtdoshlarga gʻurur-iftixor bagʻishlaydi.

Shu kabi ezgu maqsadlar yo‘lida Toshkent amaliy fanlar universitetida “Chempionlar bilan uchrashuv” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Unda Mudofaa vazirligi sportchilari — taekvondo boʻyicha jahon va Osiyo chempioni, Rio Olimpiadasi ishtirokchisi, katta leytenant Dmitriy Shokin, professional bokschi, katta leytenant Bektemir Meliqoʻziyev va serjant Nodirjon Mirzaahmedov hamda talaba yoshlar ishtirok etdi.

Sportchilar yoshlarga erishgan yutuqlarining asosiy sababchilaridan boʻlmish ustozlari haqida, Olimpiadada ishtirok etish orzusi hamda maqsadga erishishdagi qiyinchiliklari toʻgʻrisida gapirib berdilar. Maqsadga erishish uchun avvalo nimalarga ahamiyat berish xususida yoshlarga motivatsiya ulashildi. Bu uchrashuv oʻquvchi yoshlar uchun haqiqiy ibrat maktabi boʻlgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Roʻziqul OCHILOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti