“Nukus” poligonida koʻrgazmali tungi mashgʻulotlar oʻtkazildi

0
1556

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan “Nukus” umumqoʻshin poligoni hududida bir necha kun davomida tungi sharoitda koʻrgazmali mashgʻulotlar tashkil etildi. Choʻl hududlarida jangovar harakatlarni olib borish, qoʻshinlarni notanish hududlarda joylashuvi hamda har tomonlama taʼminotini tashkil etish masalalariga qaratilgan koʻrgazmali oʻquv mashgʻuloti ilmiy-amaliy konferensiyadan boshlandi.

Unda choʻl sharoitida jangovar harakatlarga tayyorgarlik koʻrishning oʻziga xos tomonlari tadqiq etilib, dunyoda sodir boʻlayotgan qurolli toʻqnashuvlarning choʻl hududlaridagi maxsus harakatlari chuqur tahlil etildi. Tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, okrug harbiy xizmatchilari, Mudofaa vazirligiga qarashli oliy harbiy taʼlim muassasalarning professor-oʻqituvchilari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati kuch tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.

Koʻrgazmali mashgʻulot uchun tashkil etilgan oʻquv nuqtalarida ishtirokchilar choʻl sharoitida tabiiy va sunʼiy vositalardan foydalangan holda muhandislik talablari asosida keng maydonda jihozlangan motooʻqchi batalyonining jamlanish hududi bilan yaqindan tanishdi. Shaxsiy tarkib va texnikalarni joylashtirish, barcha turdagi taʼminot masalalarini yoʻlga koʻyish, oʻq-dori va qurollarni saqlash, hududga mos ravishda niqoblanishni tashkil etish, oziq-ovqat zaxirasini yaratish, texnikalarni yoqilgʻi-moylash ashyolari bilan taʼminlash, harbiy xizmatchilarga tibbiy yordam koʻrsatish, dala sharoitida ovqat tayyorlash hamda boshqa masalalarni qamrab olgan hudud boʻlinma doimiy joylashgan joyidan uzoqda, notanish hududda bemalol joylashishi va faoliyatini davom ettirishi mumkinligini koʻrgazmali tarzda namoyish etdi.

Ishtirokchilar dala sharoitida ovqat tayyorlash, kiyim-kechak ustaxonasi, hammom majmuasi, omborxonalar jihozlanishi, texnik taʼminotni tashkil etish masalalari, bir vaqtning oʻzida dala sharoitida 20 ta texnikaga ommaviy yoqilgʻi qoʻyish hududining faoliyati bilan tanishtirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati