Duatlon sport turidan “O‘zbekiston kubogi” o‘tkazildi

0
2383

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan oʻtkazilgan sportning duatlon turi boʻyicha “Oʻzbekiston Kubogi” ham shiddatli va murosasiz bahslarga boy tarzda kechdi.

Musobaqaning sifatli tashkil etilishida Qashqadaryo viloyat hokimligi, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug, Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Yoshlar siyosati va sport boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi oʻzaro hamjihatlikda ish olib bordi.

Bellashuvlarda respublikamizning barcha tumanlaridan kelgan terma jamoalar tarkibida 100 dan ortiq sportchilar oʻz mahoratlarini namoyon etdi. Duatlon musobaqasi shartiga koʻra ishtirokchilar belgilangan masofani marsh yugurgan holatda va velosipedda bosib oʻtishlari talab etiladi.

Shaffoflikni taʼminlash maqsadida 12 yoshdan 15 yoshgacha, 16 yoshdan 19 yoshgacha va 19 yoshdan yuqori sportchilar, shuningdek, xotin-qiz ishtirokchilar alohida mezonlar asosida baholab borildi.

Dastlab, barchaga musobaqa yoʻnalishi, burilish va aylanma harakat, velosipedlar toʻxtash joylari haqida birma-bir tushuntirib oʻtildi. Barcha nuqtalarda hakamlar hayʼati aʼzolari va nazoratchilar oʻz joylarini egallagach start berildi. Uzoq yillik mashgʻulotlar, ruhiy va jismoniy tayyorgarlik oʻz soʻzini aytadigan pallaga yetib keldi. Ravon yoʻlda bir-biriga bahs qilib yugurib borayotgan shijoat egalarini kuzatib, mardlar mana shunday maydonda sinaladi deyish mumkin.

Ishtirokchilar finish chizigʻini kesib oʻtishi bilan hakamlar sarhisob ishlariga kirishdi. Bellashuv jarayonlaridagi har bir soniya, kichik jarima ballari ham nazardan chetda emas. Maqsad – munosiblarni aniqlash. Taqdirlash maydoni, diplom va kuboklar, qimmatbaho sovgʻalar shaylanib, tantanali marosimga navbat berildi. Soʻz olganlar barcha sportchilar va ularning murabbiylariga ajoyib ishtirok, shiddat va shijoat uchun minnatdorlik bildirdilar.

Yosh toifalariga koʻra gʻolib va sovrindorlar birin-ketin shohsupaga taklif etilib, taqdirlandi. Umumjamoa hisobida 3-oʻrin Qashqadaryo viloyati terma jamoasiga nasib etgan boʻlsa, 2-oʻringa Fargʻona viloyati jamoasi egalik qildi. Faxrli 1-oʻrinni Toshkent shahridan kelgan mehmon sportchilar qoʻlga kiritdi.