Xalqaro olimpiada g‘oliblari tantanali kutib olindi

0
910

28—31-mart kunlari Armanistonning Dilijon shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga a’zo davlatlar oliy harbiy bilim yurtlari kursantlari o‘rtasida “Xalqaro ingliz tili” olimpiadasi bo‘lib o‘tganidan xabaringiz bor. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti kursantlari Jasurbek Yusupov, Xudoyorxon Jo‘rayev, Abdulfotih Komiljonov va Ulug‘bek Kozimov vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, umumiy natijalar bo‘yicha 3-o‘rinni band qilishdi.

Kecha, 2-aprel kuni faxrli oʻrinni qoʻlga kiritgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti kursantlari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Marosimda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, aviatsiya bilim yurti boshlig‘i o‘rinbosari, kursantlar, g‘oliblarning ustozlari va yaqinlari ishtirok etdi.

 

Kursantlarimizning ta’kidlashicha, bellashuvlar kuchli raqobat ostida bo‘lib, olimpiada “Fuqarolarning salomatligi – davlat xavfsizligining asosi” mavzusi ostida tibbiyot yo‘nalishida o‘tkazilgan. Musobaqa nizomiga ko‘ra, ishtirokchilar 4 bosqichda bellashishgan.

Birinchi turda olti qismdan iborat yozma konkurs o‘tkazilib, “Sog‘lom tanda – sog‘lom aql” mavzusi bo‘yicha ishtirokchilarning ingliz tilini grammatik qoidalarini, olimpiada mavzusi doirasidagi leksik materialni bilishligi hamda yozma xorijiy nutqni idrok etish ko‘nikmalari tekshirildi. Ikkinchi bosqichda esa “Tozalik – salomatlik garovi” mavzusidagi uch bo‘limdan iborat yozma konkurs o‘tkazildi. Uchinchi bosqich shartlari bo‘yicha olimpiada ishtirokchilari “Oltin soat” mavzusi bo‘yicha og‘zaki tanlovda qatnashdi. Bu shartda hakamlar ishtirokchilarning ingliz tilidagi monolog va dialogik nutq mahoratini baholashdi.

Oxirgi bosqichda “Konsilium” jamoaviy viktorinasi o‘tkazildi. Ishtirokchi jamoalarga olimpiada mavzusi bo‘yicha savollar bilan videoroliklar namoyish etildi. Har bir savoldan keyin jamoalar muhokama qilish va yozma javob tayyorlash uchun 1 daqiqa vaqt berildi. Kursantlarimiz yakuniy shartda ham ishonchli harakat qilib, Vatanimiz sharafini munosib tarza himoya qildilar. Natija esa ma’lum!

Eslatib o‘tamiz, ushbu nufuzli musobaqada o‘zbekistonlik kursantlar birinchi bor kuchli uchlikdan o‘rin oldi. Shuningdek, davlatimiz rahbari Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga tashrifi chog‘ida kursantlarimiz bilan yaqindan suhbatlashib, musobaqa oldidan ularga omad tilagan edi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyala
r departamenti