O‘zbekistonlik kursantlar xalqaro olimpiadada kuchli uchlikdan o‘rin oldi

0
1218

28—31-mart kunlari Armanistonning Dilijon shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga a’zo davlatlar oliy harbiy bilim yurtlari kursantlari o‘rtasida “Xalqaro ingliz tili” olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli olimpiadada O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti kursantlari Jasurbek Yusupov, Xudoyorxon Jo‘rayev, Abdulfotih Komiljonov va Ulug‘bek Kozimov vatanimiz sharafini himoya qilib, umumiy natijalar bo‘yicha 3-o‘rinni band qilishdi.

Bu yilgi olimpiada “Fuqarolarning salomatligi – davlat xavfsizligining asosi” mavzusi ostida tibbiyot yo‘nalishida o‘tkazildi. Musobaqa nizomiga ko‘ra, ishtirokchilar 4 bosqichda bellashdilar.

Birinchi turda olti qismdan iborat yozma konkurs o‘tkazilib, “Sog‘lom tanda – sog‘lom aql” mavzusi bo‘yicha ishtirokchilarning ingliz tilini grammatik qoidalarini, olimpiada mavzusi doirasidagi leksik materialni bilishligi hamda yozma xorijiy nutqni idrok etish ko‘nikmalari tekshirildi. Ikkinchi bosqichda esa “Tozalik – salomatlik garovi” mavzusidagi uch bo‘limdan iborat yozma konkurs o‘tkazildi. Uchinchi bosqich shartlari bo‘yicha olimpiada ishtirokchilari “Oltin soat” mavzusi bo‘yicha og‘zaki tanlovda qatnashdi. Bu shartda hakamlar ishtirokchilarning ingliz tilidagi monolog va dialogik nutq mahoratini baholashdi.

 

Oxirgi bosqichda “Konsilium” jamoaviy viktorinasi o‘tkazildi. Ishtirokchi jamoalarga olimpiada mavzusi bo‘yicha savollar bilan videoroliklar namoyish etildi. Har bir savoldan keyin jamoalar muhokama qilish va yozma javob tayyorlash uchun 1 daqiqa vaqt berildi. Kursantlarimiz yakuniy shartda ham ishonchli harakat qilib, Vatanimiz sharafini munosib tarza himoya qildilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti