Qurolli Kuchlar davlat muzeyida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi

0
705

Mudofaa vazirligi rahbariyati, vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi “Nuroniy” jamgʻarmasi, Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, Qurolli Kuchlar faxriylari, oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari, “Temurbeklar maktabi” oʻquvchilari hamda “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy vatanparvarlik harakati aʼzolari ishtirokida Qurolli Kuchlar davlat muzeyida “Uch avlod” uchrashuvi o‘tkazildi. 

Samimiy ruhda kechgan uchrashuvda mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan yuksak eʼtibor haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Ertamiz egalarini sadoqatli, fidoyi, bilimli va salohiyatli etib tarbiyalashda keksa avlod vakillarining munosib oʻrni borligi taʼkidlandi.

Prezidentning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida ham aynan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, ularni barkamol, el-yurt uchun fidoyi insonlar qilib tarbiyalashda nuroniylarning katta hayotiy tajribasi muhim ahamiyatga ega ekani eʼtirof etilgandi. Muloqotlarda ham katta hayot ostonasiga qadam qoʻyayotgan oʻgʻil-qizlarimiz yoshi ulugʻ yurtdoshlarimizning boy hayotiy tajribalari blian oʻrtoqlashdi. Elimiz suygan shoirlarning yoshlik shijoati, keksalik hikmati, vatan taraqqiyoti yoʻlida birlashish kabi mavzulardagi fikrlari, sheʼrlari barchaga birdek manzur boʻldi.

Shu kuni mudofaa vazirining buyrugʻiga asosan bir guruh davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda harbiy xizmatchilarga “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar aʼlochisi” koʻkrak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir davomida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli sanʼatkorlari tomonidan ijro etilgan Vatanni, hurlikni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar yig‘ilganlarga hush kayfiyat ulashdi.

Mayor Shunqor Boʻriyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti