Prezident maktabi o’quvchilari harbiy okrug mehmoni bo‘ldi

0
713

Qarshi shahrida joylashgan prezident maktabida ta’lim olayotgan bir guruh o’quvchi yoshlar Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparatiga tashrif buyurdi. Ertamiz egalarini yuqori kayfiyatda kutib olgan mezbon ofitserlar ularni okrug hududi va harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirdi.

Maskanda tashkil etilgan okrug shonli tarixi muzeyi sohaga doir ko’plab ma’lumot va jihozlarni o’z ichiga olgan. O’quvchi yoshlar bularning barchasi bilan birin-ketin tanishar ekan, yil sayin takomillashib borayotgan milliy armiya qudrati va harbiy xizmatchilar salohiyati borasida atroflicha ma’lumotlarga ega bo’ldi. 

Shundan so’ng mehmonlar madaniyat markaziga taklif etilib, malakali harbiy xizmatchilar va ustozlar bilan vatanparvarlik ruhidagi suhbatlar tashkil etildi. Qarshi garnizoni harbiy orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga manzur bo’ldi. O’z navbatida o’quvchi yoshlar ham ijodiy chiqishlari bilan davraga ko’tarinki ruh ulashdi.

Shuningdek, Qarshi shahrida joylashgan Yoshlar markazi binosida harbiy vatanparvarlik ruhidagi navbatdagi tadbir boʻlib oʻtdi. Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi hamda Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi Qashqadaryo viloyat kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda bir guruh yoshlar ittifoqi sardorlari, harbiy xizmatchilar va oʻquvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Uzoq yillik harbiy hayot tajribasiga ega okrug faxriylar kengashi aʻzolari, malakali ofitserlar va ustozlar tomonidan kitobning beqiyos oʻrni borasida teran fikrlar bildirildi. Yigitlik burchini ado etayotgan askarlar ham milliy armiyamizda olgan taassurotlarini yoshlar bilan oʻrtoqlashdi. Samimiy kechgan suhbatlarda yoshlar ham ustozlardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, ularni saralash va intellektual oʻyinlarga keng jalb qilish, shuningdek, aholining intellektual salohiyatini oshirishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat  kengashi, Qarshi harbiy prokuraturasi, Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti hamkorligida viloyatdagi barcha kuch tuzilmalari oʻrtasida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi kubogi uchun “Zakovat” intellektual oʻyinlari oʻtkazish belgilangan.

Shunday turnirlardan biri Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida tashkil etildi. Unda 5 ta — Ichki ishlar vazirligiga qarashli Qorovul qoʻshinlari, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti jamoalari ishtirok etdi.

Yoshlarning intilishlarini qoʻllab-quvvatlash, mantiqiy fikrlashga oʻrgatish, aqliy salohiyatini yuksaltirishni maqsad qilgan mazkur turnir ishtirokchilari orasidagi sogʻlom raqobat, albatta, kelgusida maʼnan yuksak kadrlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Boʻlib oʻtgan “Zakovat” intellektual oʻyini natijalariga koʻra, yuqori ball toʻplagan Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti kursantlaridan tarkib topgan jamoa birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi va koʻchma kubog sohibiga aylandi. Faol ishtirokchilar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.  Mazkur loyiha davomida nafaqat bilimlar sinovdan oʻtkazildi balki tashrif buyurganlar Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti faoliyati, labaratoriya xonalari, kursantlarga yaratilgan sharoit bilan yaqindan tanishishdi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati