Andijonda zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda qoʻmondonlik-shtab oʻquvi o‘tkazildi

0
1026

Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari Andijon garnizonidagi harbiy qismda kompyuter qoʻmondonlik-shtab oʻquvi modellashtirish va simulyatsiya vositalaridan foydalangan holda oʻtkazilmoqda.

Mazkur oʻquv harbiy qism komandiri rahbarligida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Modellashtirish va simulyatsiya boʻyicha tadqiqotlar dala-oʻquv markazi mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan.

Ta’kidlash kerakki, modellashtirish va simulyatsiya harbiy qismda yaratilgan “JCATS” majmuaviy dasturi bilan jihozlangan oʻquv baza negizida batalyon taktik guruh darajasida kompyuter qoʻmondonlik-shtab oʻquvini oʻtkazish va boʻlinma komandirlari vazifalarini koʻrib chiqish imkonini beradi.

Oʻquv mashgʻuloti davomida boʻlinmalarning taktik harakatlari davrida harbiy qism komandirining oʻrinbosarlari, qoʻshin turi va xizmat boshliqlari tomonidan tegishli taʻminot turlari boʻyicha alohida vazifalar ishlab chiqildi va batafsil rejalashtirildi, modellashtirish va simulyatsiya vositalarida yagona taktik vaziyatda sinovdan oʻtkazildi.

Ushbu mashgʻulotlar yurt oʻgʻlonlarinining jangovar shayligini oshirish, qoʻshinlarni boshqarish va hamkorlikni tashkillashtirish boʻyicha koʻnikmalarini oshirishga xizmat qiladi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati