Taxiatoshdagi “Bolalar uyi”ga harbiylar Yangi yil fayzini olib kirdi

0
868

Ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlganlarga koʻmak berish, hayr-u saxovat, mehr-muruvvat koʻrsatish barcha xalqlarga xos boʻlgan oliyjanob insoniy fazilatlardan sanaladi. Shu bois Yangi yil bayrami arafasida Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan biri harbiy xizmatchilari tomonidan Taxiatosh tumanidagi “Bolalar uyi” tarbiyalanuvchilari holidan xabar olinib, ularga bayram shukuhi ulashildi.

Mazkur “Bolalar uyi” asosan psixofiziologik rivojlanishi buzilgan bolalar uchun moʻljallangan boʻlib, davolash-sogʻlomlashtirish muassasasi hisoblanadi. Hozirgi vaqtda bu yerda 6 yoshgacha boʻlgan tarbiyalanuvchilar yetakchi mutaxassislar koʻmagida voyaga yetmoqda.

Harbiy xizmatchilarning ushbu muassasaga tashrifi kichik bayram konsertiga ulanib ketdi. Faxriy qorovul vzvodi karabin bilan koʻrgazmali chiqishlari bilan hammani xursand qilgan boʻlsa, bolalar oʻzlarining musiqiy chiqishlari bilan mehmonlarga minnatdorchilik bildirdi. Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazining harbiy orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan bayramona kuy va qoʻshiqlar barchani oʻyinga chorladi.

Harbiy xizmatchilar orqali tarbiyalanuvchilarga yetib kelgan Qorboboning Yangi yil sovgʻalari mehrga muhtoj qalb egalarining kayfiyatini koʻtarib, ularning quvonchiga yanada quvonch ulashdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati