Senatda hisobot va kelgusi rejalar muhokamasi bo‘lib o‘tdi

0
938

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlis avvalida 2023-yilga moʻljallangan Davlat byudjeti masalalarini dastlabki tarzda koʻrib chiqildi, shundan soʻng yangi tahrirdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonun hamda Qurolli Kuchlarni rivojlantirish, mamlakat mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlanishi va Mudofaa vazirligi tizimida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holatiga oid masalalar muhokama qilindi.

Mudofaa vaziri oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev Qurolli Kuchlar qurilishi va uni yanada rivojlantirishning dolzarb muammolari, fuqarolarning harbiy xizmatni oʻtashi va mamlakat harbiy xavfsizligini taʼminlashga oid boshqa masalalar yuzasidan Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, joriy yilning oʻtgan davrida vazirlik tizimida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash holati toʻgʻrisidagi maʼruzasi bilan qatnashdi. Oʻz oʻrnida Mudofaa vazirligi tizimida 2023-yilga moʻljallangan ustuvor vazifalar va takliflar ham senatorlar tomonidan qizgʻin muhokama qilinib, maʼqullandi.

Qoʻmita yigʻilishi mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi organlari tomonidan 2022-yilning oʻtgan davrida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida qonun ustuvorligini taʼminlash, qonuniylikni mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarining himoya qilinishi borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ham batafsil maʼlumotlar berildi.

Muhokamalar soʻnggida yuqoridagi masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti