Harbiy psixologiya boʻyicha targʻibot ishlari oʻtkazildi

0
1324

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida harbiy psixologiya bo‘yicha targʻibot-tashviqot tadbiri oʻtkazildi.

Universitetning “Amaliy psixologiya” mutaxassisligi boʻyicha tahsil olayotgan talabalari ishtirokida oʻtkazilgan davra suhbati davomida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida harbiy psixologlar faoliyati, ularning asosiy yoʻnalishi, armiya hayoti hamda Qurolli Kuchlar akademiyasida joriy etilayotgan yangi taʼlim tizimi haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Harbiylik sohasiga qiziqqan talabalarning barcha savollariga atroflicha javob berilib, ularning soha boʻyicha bilimlari boyitildi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yil 4-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 3898-son qarori bilan Qurolli Kuchlar tarkibida harbiy psixolog lavozimlari joriy etilib, ularning xizmat yoʻnalishi belgilangan edi. Ammo “harbiy psixologiya” boʻyicha taʼlim yoʻnalishi bugunga qadar yurtimizda joriy etilmagan.

Shu maqsadda davlat rahbarining 2022-yil 8-sentabr kunidagi 371-sonli qarori bilan tasdiqlangan yoʻl xaritasining 3-bandiga asosan 2023/2024-oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalarining ikkinchi bosqichini tamomlagan talabalari orasida nomzodlarni saralab olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida “Psixologiya (harbiy psixolog)” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha ofitser kadrlarni tayyorlash tizimini joriy etilgan.

Yangi tizim, albatta, armiya saflariga har tomonlama chiniqqan, harbiy hayotgan moslashgan haqiqiy harbiy psixolog kadrlarni sifatli tayyorlashga xizmat qiladi.

Tadbir davomida talabalarga targʻibot materiallari tarqatilib, mavzu yuzasidan videolavhalar namoyish etildi.

Shuningdek, yurtimizda “Psixologiya (psixologiya va pedagogika)” yoʻnalishi mavjud oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida ham targʻibot tadbirlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati