“ArMI—2022”: “Sodiq do‘st” musobaqasining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi

0
1408

“ArMI—2022” Xalqaro armiya oʻyinlari doirasida Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik muhandislik bilim yurtida oʻtkazilgan “Sodiq doʻst” musobaqasi oʻz yakuniga yetdi. Bugun, 27-avgust kuni mazkur musobaqaning tantanali yopilish va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati, Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari va bir guruh yoshlar, ishtirokchi davlatlar mudofaa vazirliklarining mas’ul shaxslari va jamoalar a’zolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Darhaqiqat, bir necha kun davom etgan murosasiz bellashuvlarda kinologlarimiz g‘alabali yurishlar bilan birga qator rekordlarni ham o‘rnatdi.

• Xususan:

xizmat itlari bilan 300 metrlik toʻsiqli yoʻlaklardan oʻtish bo‘yicha bellashuvda O‘zbekiston Mudofaa vazirligining qizlar jamoasidan kichik serjant Marjona Oqqoʻziyeva “Brenda” laqabli iti hamrohligida barcha toʻsiqlarni chapdastlik yengib, 1.17 soniya rekord natija bilan yuqori ballni taqdim etdi

• ayollar oʻrtasida hamyurtimiz kichik serjant Irodaxon Olimova “Gita” laqabli xizmat iti bilan maydonga tushib, tengsiz ekanini isbotladi va mutlaq gʻolib boʻldi. Irodaning gʻalaba seriyasini erkaklar jamoamiz davom ettirdi

• erkaklar oʻrtasida kichik serjant Zuhriddin Qoʻshoqov “Best” laqabli sodiq doʻsti bilan 5 daqiqayu 25 soniyalik natijani qayd etib, musobaqaning navbatdagi rekordini oʻrnatdi

• Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askar Qurbonbek Yarashev esa “Drago” laqabli xizmat iti bilan barcha raqiblarini orta qoldirib, 1 daqiqayu 8 soniya natija orqali rekordni qayd etdi.

Shunday qilib, umumjamoa hisobida ayollar va erkaklar yo‘nalishida ham yurtimiz vakillari I o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, erkaklar o‘rtasida ikkinchi o‘rin Rossiya harbiy jamoasiga nasib qilgan bo‘lsa, uchinchi o‘ringa Belarus va Jazoir harbiy jamoalari munosib ko‘rildi. Ayollar o‘rtasida esa ikkinchi o‘rin Rossiya va Jazoir harbiy jamoasiga nasib qilgan bo‘lsa, Belarus harbiy jamoasi uchinchi o‘rindan joy oldi.

Tantanali yopilish marosimi davom etmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti