“Sodiq doʻst”dan mutlaq ustunlik

0
1598

“ArMI—2022” Xalqaro armiya oʻyinlari doirasida Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik muhandislik bilim yurtida oʻtkazilgan “Sodiq doʻst” musobaqasi oʻz yakuniga yetdi.

Ushbu musobaqada mamlakatimiz nomidan ikkita jamoa qatnashib, ularning biri asosiy, keyingisi tanlovdan tashqari tartibda ishtirok etdi. Shu oʻrinda asosiy jamoamizda gʻalabaga hissa qoʻshgan qahramonlarimiz nomini qayd etish oʻrinlidir. Xususan, erkaklar jamoasida yuqoridagi rekordchilarimiz kichik serjant Zuhriddin Qoʻshoqov va kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Qurbonbek Yarashev bilan birga III darajali serjant Ulugʻbek Nurullayev “Boyar”, kichik serjant Sodiq Dilmurodov “Klif”, III darajali serjant Daler Ikromov “Argo” laqabli xizmat itlari bilan Xalqaro armiya oʻyinlariga puxta tayyorgarlik koʻrganini isbotladi.

Asosiy boʻlmagan jamoa tarkibida esa kichik serjant Muslimbek Alimov “Sting”, kichik serjant Mirzohid Mamatov “Ron”, kichik serjant Gʻayrat Arslonov “Vesla” laqabli Belgiya ovcharkasi zotiga mansub xizmat itlari bilan mashq maydoniga tushdi. Shuningdek, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Shamsiddin Qoʻshoqov “Verniy”, kichik serjant Jahongir Safarov “Jessi” laqabli xizmat itlari ham alohida ahamiyatga ega.

Bugun musobaqaning soʻnggi “Dog biatlon” (chempionlar poygasi) shartida har bir jamoadan yakka tartibda yagona ishtirokchi qatnashdi. Dastlab ayollar oʻrtasida hamyurtimiz kichik serjant Irodaxon Olimova “Gita” laqabli xizmat iti bilan maydonga tushib, tengsiz ekanini isbotladi va mutlaq gʻolib boʻldi. Irodaning gʻalaba seriyasini erkaklar jamoamiz davom ettirdi.

Erkaklar oʻrtasida kichik serjant Zuhriddin Qoʻshoqov “Best” laqabli sodiq doʻsti bilan musobaqaning navbatdagi rekordini oʻrnatdi. Eʼtiborlisi, 2021-yilgi 5 daqiqayu 56 soniyalik rekordga ham uning oʻzi mualliflik qilgan edi. Joriy yilda esa 5 daqiqayu 25 soniyalik natijani qayd etib, rekordini yangiladi.

Oʻzimiz-ku, mayli, hatto xorijiy delegatsiya vakillari ham Zuhriddinning muvaffaqiyatidan hayratu olqishini yashirib oʻtirmadi. Rossiya Federatsiyasi jamoasi guruh kattasi, ushbu mamlakat Mudofaa vazirligi Qoʻshinlar xizmati va harbiy xizmat xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi general-mayor Vladimir Golovachyov kichik serjant Zuhriddin Qoʻshoqovni bagʻriga bosib, samimiy tabrigini izhor etdi.

Shu tariqa musobaqaning mazkur eng oxirgi shartida jazoirlik harbiy kinolog Abdulqodir Menasri “Isko” laqabli xizmat iti bilan ikkinchi, Rossiya jamoasidan kichik serjant Nikita Borisov “Gay Foks” laqabli xizmat iti bilan 3-oʻrinni egalladi. Kichik serjant Dmitriy Tatarinov (Belarus) esa “Zevs” laqabli xizmat iti bilan oxirgi oʻrinni band etdi.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti