Muddatli harbiy xizmatchilarning nazariy bilimlari amalda mustahkamlandi

0
1043

Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizonida joylashgan harbiy qismdagi muddatli harbiy xizmatchilar xizmat davomida olgan nazariy bilimlarini «Sazagan» dala-o‘quv maydonida amalda mustahkamladi.

Dastlab yigitlar tank qurollarini tuzatish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam berish va evakuatsiya qilish, mashqlar davomida xavfsizlik qoidalariga rioya etish borasidagi ko‘nikmalarini oshirdilar. Albatta, nazariya va amaliyot uyg‘unligi sohani mukammal o‘rganishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois o‘quv yili rejasiga muvofiq, asosiy e’tibor askarlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi.

Yo‘riqchi serjantlar ko‘magida muddatli harbiy xizmatchilar nafaqat jangovar texnikalarni turli to‘siqlardan olib o‘tishdi, balki turli masofada joylashgan nishonlarni ketma-ket mo‘ljalga olib, yakson qilishdi. Mashg‘ulotlar davomida muddatli harbiy xizmatchilar tank ekipajining mexanik haydovchisi va mo‘ljalga oluvchi vazifalarini bajarib, egallagan nazariy bilimlarini amalda mustahkamladi.

Armiya saflariga qabul qilinganiga hali ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, askarlarning o‘zini tutishi, yurish-turishidagi o‘zgarish ularning maqsadi, vazifasining naqadar yuksalgani va mas’­uliyatli ekanidan darak beradi.

Mashg‘ulot yakunida «Eng ilg‘or tank vzvodi», «Eng ilg‘or tank guruhi» hamda «Eng ilg‘or tank ekipaji» aniqlanib, ular Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati