Armiya qoʻl jangi bo‘yicha chempionat yakunlandi

0
7844

Avval xabar berganimizdek, Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan harbiy qism armiya qoʻl jangi boʻyicha Mudofaa vazirligi qoʻshinlari oʻrtasidagi chempionatga mezbonlik qildi.

Muddatli harbiy xizmatchilar va sport vzvodlari armiya qoʻl jangi ustalari ikki kun davomida toʻqqizta vazn toifasi gʻolibligi uchun murosasiz bahslarda qatnashdilar. Musobaqaning dastlabki kun bellashuvlari natijalariga koʻra Toshkent, Markaziy, Sharqiy hamda Shimoli-gʻarbiy harbiy okurglari sportchilari boshqalardan koʻra koʻproq yarim final va final yoʻllanmasini qoʻlga kiritgandi.

Bugun mazkur chempionatning hal qiluvchi bellashuvlarida aynan yuqorida nomlari sanab oʻtilgan harbiy okruglar sharafini himoya etgan sportchilar ham shaxsiy, ham umumjamoa hisobida musobaqa gʻolibligi uchun bahslashishdi. Final bahslari kutilganidek juda murosasiz kurashlarga boy boʻldi. Oʻtkazilgan janglarning aksariyatida hakamlar gʻolib nomini aniqlash uchun tez-tez video takrorlarga murojaat qilishlariga toʻgʻri keldi.

Yakuniy natijalarga koʻra Murodjon Normuhamatov (55 kg, THO), Otabek Bobobekov (60 kg, THO), Qayrat Karjaubekov (65 kg, SHGʻHO), Hakimjon Solijonov (70 kg, SHHO), Aziz Joʻrayev (75 kg, SHHO), Farohiddin Sultonov (80 kg, SHGʻHO), Azim Bolliyev (85 kg, JGʻMHO), Asadbek Xudoyberdiyev (90 kg, SHGʻHO), Feruz Baxshullayev (+90 kg, JGʻMHO) oʻz vazn toifasida birinchi oʻrinni egalladi.

Umumjamoa hisobida uchta oltin, ikkitadan kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritigan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi sport vzvodi Sharqiy harbiy okrug (2 oltin, 4 kumush, 1 bronza) hamda Toshkent harbiy okrugini (2 oltin, ikki kumush) ortda qoldirdi.

Musobaqa yakuniga koʻra gʻolib va sovrindorlar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Yaqindagina Vatanga qasamyod qilgan oʻttizga yaqin armiya qoʻl jangi ustasi uchun erishilgan yutuq ularni yangi-yangi marralar sari chorlashi tabiiy. Negaki, chempionatda sovrindorlar qatoridan joy olgan yigitlarga xizmat burchi yakunida oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun beriladigan imtiyozni qoʻlga kiritish imkoniyatlar eshigi ochildi. Bundan tashqari, musobaqa tashkilotchilari chempionatda ishtirok etgan oʻnga yaqin sprotchi Mudofaa vazirligi terma jamoasiga qabul qilinishini maʼlum qildi. Demak, chempionat sovrindorlari shohsupaga koʻtarilish bilan bir qatorda kelgusi hayot yoʻlida juda muhim boʻlgan qadamni tashladilar.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti