Prezident farmoyishiga binoan 15-dekabrdan boshlab bir oy “Vatanparvarlik oyligi” etib belgilandi

219

Oʻzbekiston Prezidenti “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishni imzoladi.

Farmoyishga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishga bagʻishlangan vatanparvarlik oyligini 2018-yil 15-dekabrdan 2019-yil 15-yanvarga qadar oʻtkazish boʻyicha tadbirlar Dasturi tasdiqlandi.

Bu safargi bayram tadbirlari tashkiliy jihatdan oldingilaridan maʼnan va mazmunan farq qilishi koʻzda tutilgan. Ularda milliy armiyamizning shonli tarixi, amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari, mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishda Qurolli Kuchlar salohiyati, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va barkamol shaxs sifatida kamol topishida armiyaning muhim oʻrni, harbiy xizmat haqiqiy mardlik, fidoyilik, matonat va sadoqat maktabi ekani namoyish etiladi.

Shuningdek, ishchi guruh harbiy-maʼmuriy sektorlar bilan hamkorlikda Dasturda belgilab berilgan bayram tadbirlarini “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” degan umumiy gʻoya ostida tashkiliy jihatdan yuksak saviyada amalga oshirish, davlat va jamoat tashkilotlarining rahbarlari tomonidan oʻzlari tahsil olgan oliy taʼlim muassasalari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablarida “Mardlik va jasorat” mavzusidagi darslar oʻtkazishi belgilangan.

Xususan, “Vatanparvarlik oyligi” davomida “Harbiy-vatanparvarlik karvonlari”ning taʼlim muassasalariga tashrifini uyushtirish, oʻspirin yoshlar oʻrtasida “Men, albatta harbiy boʻlaman!” tanlovini oʻtkazish, Yoshlar oʻrtasida “Harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi “Eng yaxshi selfi” tanlovini tashkil etish, harbiy-vatanparvarlik yoʻnalishidagi “Eng yaxshi mahalla” va “Eng yaxshi Jasorat klubi” tanlovini oʻtkazish kabi koʻplab vazifalar koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi yurtdoshlarimizdan Umumxalq bayrami – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan joylarda oʻtkaziladigan tadbirlarda faol ishtirok etishlarini, oʻsib kelayotgan yoshlarimizni milliy iftixor va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga oʻzlarining hissasini qoʻshishlarini soʻraydi.

VIDEO: https://www.youtube.com/watch?v=w8NanCkcxzc

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati