Oʻzbekiston harbiy delegatsiyasi Hindistonda oʻtkaziladigan birgalikdagi oʻquvlarni muhokama qildi

0
1106

Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida imzolangan 2022-2023-yilga ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq, 2023-yilda oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Doʻstlik-2023” birgalikdagi oʻzbek-hind oʻquvini muvofiqlashtirish maqsadida Oʻzbekiston harbiy delegatsiyasi Kumaon viloyatidagi Uttarakxand shtatining Pitxoragarx shahridagi togʻli hududda joylashgan Xalqaro tayyorgarlik poligoniga tashrif buyurdi.

Taʼkidlash joizki, bugun Oʻzbekiston koʻplab yetakchi xorijiy mamlakatlarning armiyalari bilan mudofaa sohasida mustahkam hamkorlik aloqalarini oʻrnatib, harbiy va harbiy-texnik masalalarida rejalashtirilgan tadbirlarni samarali davom ettirmoqda.

Jumladan, 2019-yildan Oʻzbekiston hududida oʻzbek-hind hamkorligida oʻtkazilgan “Doʻstlik–2019” taktik oʻquv mashgʻulotlari Hindiston bilan harbiy aloqalarni yanada mustahkamlash, jangovar operatsiyalarni rejalashtirish va olib borishda ilgʻor tajribalar bilan almashish imkonini yaratdi.

Navbatdagi hamkorlikdagi mashqlar 2021-yilning mart oyida Hindistonning Utaranchal shtati, Ranikxet provinsiyasi hududida joylashgan “Chaubatiya” oʻquv markazida oʻtkazilgan boʻlib, unda terrorizmga qarshi kurashish va jangovar oʻquv operatsiyalarda ishtirok etish orqali ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga erishildi.

2022-yilda Xorazm viloyatida joylashgan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning “Yangiariq” umumqoʻshin poligonida oʻtkazilgan “Doʻstlik – 2022” hamkorlikdagi oʻquv mashgʻulotlari jahonda va mintaqada keskin oʻzgarib borayotgan harbiy-siyosiy vaziyat, milliy va global xavfsizlik sohasida roʻy berishi mumkin boʻlgan xatar hamda tahdidlarga qarshi kurashishning eng maʼqul usul va uslublarini qoʻllash, harbiy xizmatchilarning jangovar salohiyati, professionalligi hamda mahoratini oshirish borasida oʻzaro tajriba almashish imkonini berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boshqarma boshligʻi polkovnik Rasul Japarov hamda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari polkovnik Ismoil Qurbonov hindistonlik hamkasblari bilan shu yilning fevral-mart oylarida rejalashtirilayotgan hamkorlikdagi oʻquvlarni oʻtkazish, Oʻzbekiston harbiy kontingentini qabul qilish va joylashtirish hamda taʼminot masalalarini kelishib oldi.

Mazkur uchrashuvda ikki mamlakat vakillarining qoʻshimcha takliflari eʼtiborga olinib, ikki davlat harbiylari ishtirokida sport va madaniy tadbirlarni ham tashkil etish boʻyicha tavsiyalar rejaga kiritildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati