Musobaqa g‘oliblari aniqlandi

0
1577

Avval xabar berganimizdek, Sharqiy harbiy okrug “Farg‘ona” dala-o‘quv maydonida harbiy xizmatchilar o‘rtasida Mudofaa vazirligi hamda xalqaro musobaqalarga saralash doirasida o‘tkazilayotgan musobaqaning ikkinchi bosqichiga start berilgan edi.

Bir necha kun davom etgan musobaqada harbiy xizmatchilar yarim marafon, o‘q otish, harbiylashtirilgan kross kabi bir qator sport musobaqalarida bellashda. Jumladan, yarim marafon bahslarida harbiy xizmatchilar 21 kilometr masofani bosib o‘tib, bor kuch va g‘ayratlarini sarflagan holda marra chizig‘i tomon harakat qilishdi.

Shuningdek, musobaqa ishtirokchilari navbatdagi nuqtada to‘pponcha, avtomat va toz miltig‘ida merganlik mahoratlarini sinab ko‘rgan bo‘lsa, kross musobaqasida yurt o‘g‘lonlari uch kilometrga yugurishda kompleks mashqlarni bajargan holda marraga yetib keldi.

Kecha, 28-yanvar kuni mazkur musobaqada ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etgan harbiy xizmatchilarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar bu tartibdagi musobaqalarning tez-tez o‘tkazib turilishi milliy armiyamiz saflarida o‘z burchini o‘tayotgan o‘g‘lonlarning jangovar salohiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, to‘pponchadan o‘q otishda birinchilik yakka va umumjamoa bahslarida Qo‘qon shahridagi harbiy qism harbiy xizmatchilariga nasib qildi. Shuningdek, avtomatdan o‘q otishda yakka tartibdagi bahslarda 1-o‘rinni Marg‘ilon shahridagi harbiy qism harbiy xizmatchisi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, xuddi shu musobaqada umumjamoa hisobida 1-o‘rinni Namangan viloyati Chust tumanidagi harbiy qism harbiy hizmatchilaridan iborat jamoa egalladi.

Toz miltig‘idan o‘q otishda yakka tartibdagi bahslarda Quva tumanidagi harbiy qism harbiy xizmatchisining, umumjamoa hisobida esa Namangan viloyati Pop tumanidagi harbiy qism jamoasining qo‘li ustin keldi. Harbiylashgan krossning yakka va umumjamoa bahslarida Farg‘ona shahridagi harbiy qism harbiy xizmatchilari 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 21 kilometrga yugurishda Qo‘qon shahridagi harbiy qism harbiy xizmatchisiga yetadigani bo‘lmadi.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlari qo‘mondonlik tomonidan maxsus kubog hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati