Olis hududlarda vatanparvarlik festivallari o‘tkazildi

0
1421

Jizzax, Samarqand, Kattaqoʻrgʻon hamda Navoiy garnizonlaridagi harbiy xizmatchilar olis hududlarda joylashgan mahallalar yoshlari uchun vatanparvarlik festivallarini tashkil etishdi.

Xususan, Konimex, Baxmal, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo tumanlari va Samarqand shahri hokimliklari, mudofaa ishlar boshqarmasi va boʻlimlari, faxriylar hamda kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan festivallar “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostidagi yurish marafoni bilan boshlandi.

Festivallarda soʻzga chiqqan faxriylar mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, samaralari, harbiy xizmatchilar hayoti, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida toʻxtalib, yoshlarni yurt tinchligi, uni himoya qilishga munosib hissa qoʻshishi kerakligi haqida aytib o‘tdilar.

Tadbirlar davomida xushovoz sanʼatkorlar, harbiy orketsr jamoalari hamda iste’dodli yoshlar ijrosidagi Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar yosh-u qarini birdek toʻlqinlantirdi.

Ayniqsa, harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan turli sahna ko‘rinishlar hamda harbiy psixologlar tomonidan o‘tkazilgan psixologik treninglar ertamiz egalari qalbida bir umrga muhrlandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati