Nukus garnizonida 3 gektar yer maydonida bogʻ yaratildi

0
1447

Nukus garnizonidagi harbiy shaharcha hududida yillar davomida qarovsiz boʻlib, foydalanilmay kelingan qariyb 3 gektar yer maydoniga ming tup olma daraxti koʻchatlari ekildi.

“Yashil makon” – bu kelajak avlod oldidagi bizning majburiyatimiz!” shiori ostida kelajakka ulkan umidlar bilan oʻtkazilgan “Yashil makon” umummilliy tadbirida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi hamda garnizondagi harbiy xizmatchilar jonbozlik bilan qatnashdi. 

Hududlarni obodonlashtirish, ishlatilmay kelinayotgan yer maydonlariga daraxt koʻchatlarini oʻtqazish orqali joylarni koʻkalamzorlashtirish, eng asosiysi, Orolboʻyi hududida iqlim oʻzgarishi tufayli salbiy oqibatlarni yumshatishni maqsad qilgan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 50 ming tol va terak qalamchalari, 10 ming tupdan ziyod mevali va 5 ming tupdan ziyod manzarali daraxt koʻchatlari ekildi.

Koʻchatlarni ekish uchun aynan oʻlkamizning shimoliy hududlari ob-havosi va tashqi muhitiga moslashuvchan, yillar davomida oʻsib, yashovchanlik qobiliyatini namoyon eta olgan, qumli va shoʻr yerlarga hayot baxsh eta oladigan daraxtlarni koʻproq ekilishiga ahamiyat qaratilmoqda. Asosiy eʼtibor boʻsh turgan yerlarda bogʻlarni yaratish, ulardan unumli foydalanish va koʻkalamzorlashtirishga qaratilmoqda.

Unumsiz va qumli yerlarga koʻchatlarni ekish uchun ikki ming kub tuproq aralashmasi va maxsus vositalar qoʻllanilmoqda. Ekilgan koʻchatlarni sugʻorish uchun zarur infratuzilmalar yaratilib, maxsus texnikalardan foydalanilmoqda.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati