Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyda maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi

0
1584

Urganch shahrida joylashgan Mudofaa vazirligiga qarashli Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyida davlat arboblari, ijodkorlar, sanʼat ustalari va tarixchi olimlar, generallar ishtirokida “Milliy ruh va gʻurur yoshlarning quroli” nomli ijodiy uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuvdan oldin mehmonlar va litsey oʻquvchilari shahar markazida joylashgan Jaloliddin Manguberdi memorial bogʻida boʻlishdi. Bogʻ markazida tulpor jilovini mahkam tutib, yurt himoyasiga otlanib turgani tasvirlangan buyuk ajdodimiz siymosida kelajakka katta ishonch bilan intilayotgan xalqimizning vatanparvarligi, bukilmas irodasi oʻz ifodasini topgan. Sulton Jaloliddin Manguberdi haykali poyiga gul qoʻyish marosimidan soʻng mehmonlar tadbirning asosiy manzili buyuk sarkarda nomi bilan atalgan harbiy akademik litseyiga tashrif buyurdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2023-yilda Xorazm viloyatining markazi boʻlmish Urganch shahrida el-yurt istiqloli uchun kurashgan, bunga oʻz hayotini bagʻishlagan ajdodimiz nomini ulugʻlash, oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy akademik-litsey oʻz faoliyatini boshlagan edi.

Maʼnaviy-maʼrifiy tadbir mehmonlarning litsey hududi boʻylab sayohatidan boshlandi. Zamonaviy taʼlim-tarbiya, ilm-fan va kommunikatsiya texnologiyalaridan saboq berish, laboratoriya va ixtirochilik ishlari bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻlgan litsey haqiqatan ham oldingi avlod yoshlari uchun orzu-havas qiladigan taʼlim maskani boʻlsa, bugungi yoshlar uchun jahon standartlariga mos eng soʻnggi sharoitlarda zamonaviy taʼlim olish imkonini yaratdi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov oʻz nutqida vatandoshlarimiz, birinchi navbatda, Xorazm ahli, voha yoshlari Jaloliddin Manguberdining bahodirona hayoti va faoliyatini tarixiy manbalar, ilmiy va badiiy asarlar, teleseriallar, kuy-qoʻshiqlar orqali albatta yaxshi bilishini, mardlik va va jasorat, mustahkam iymon va olijanoblik, vatanparvarlik va sharaf bobida tengi kam boʻlgan bu ulugʻ ajdodimizning hayot yoʻli misolida kelib chiqadigan xulosa va saboqlar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Tadbirda ishtirok etgan mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, “Maʼnaviy hayot” jurnali bosh muharriri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir Eshqobil Shukurov, kinorejissyor Hilol Nasimov, shoiralar Zulfiya Moʻminova va Gavhar Ibodullayeva oʻz nutqida yoshlarni Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovon turmushi uchun fidoyi boʻlishga, shunday zamonaviy sharoitlarga, hukumatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklarga namunali hulqi va taʼlim jarayonlarida ulkan yutuqlari bilan javob qaytarishga chaqirdi. 

Albatta, shoir va yozuvchilar bilan oʻtkazilgan har bir maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ijodiy kechaga aylanib ketadi. Tadbir davomida taniqli shoir va shoiralar oʻzlaridagi gʻurur, havas va shodlikni sheʼriy misralar bilan izhor etib, yigʻilganlarni sheʼriyat olamiga sayohatga chorladi.

“Elparvar” filmida Jaloliddin Manguberdi rolini mohirona ijro etgan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, Oʻzbek Milliy akademik drama teatri akteri Mehriddin Rahmatov ijrosidagi “Sulton Jaloliddin” tarixiy dramasidan oʻqilgan monolog yoshlarning qalbini mardlik va jasoratga toʻldirgan boʻlsa, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, kino va teatr aktyori Tohir Saidov tomonidan namoyish etilgan “Sohibkiron” tarixiy dramasidan Amir Temur monologi yigʻilganlar qalbini ulugʻ ajdodlarimiz bilan cheksiz faxr va gʻurur tuygʻusiga toʻldirdi.

Tadbir soʻnggida mehmonlar tomonidan harbiy-akademik litseyi fondiga “Mard askarga sovgʻa” kitoblar toʻplamlari hadya etildi. Bunga javoban litsey oʻquvchilari taniqli shoirlarning Vatanni, olijanob insoniy fazilatlarni madh etguvchi sheʼrlaridan parchalar keltirib, mehmonlarni xushnud etdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati