Ilmiy, innovatsion ishlanmalar xalqaro konferensiya ishtirokchilari eʼtiborida boʻldi

0
2783

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida “Professional armiya boshqaruvini rivojlanishida innovatsiyalar va raqamlashtirishning oʻrni” mavzusida VI Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Unda mudofaa vazirining oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, oliy harbiy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, kursantlar hamda bir qator xorijiy mamlakatlardan taklif qilingan mutaxassislar on-layn muloqot orqali ishtirok etdi.

Tadbir avvalida oʻtkazilgan Innovatsion ishlanmalar koʻrgazmasi, ayniqsa, unda kursantlarning ishtiroki koʻpchilikning diqqat-markazida boʻldi. Yoshlarning oʻzlari mehmonlarni yaratgan kashfiyot va gʻoyalari, takliflarining maqsadi, vazifalari va kutilayotgan natijalar bilan tanishitirib oʻtdilar. Oʻz oʻrnida tashrif buyuruvchilar fikr-mulohazalarini bildirish asnosida kelgusidagi hamkorliklar haqida ham kelishib oldilar.

Ikkinchi yalpi majlis davomida ishtirokchilar shoʻbalarga boʻlinib, Qurolli Kuchlarda sunʼiy intellekt tizimlarining dasturiy va texnik taʼminoti, kiberxavfsizlikni rivojlantirish istiqbollari, harbiy kadrlarni tayyorlashda raqamli va innovatsion texnologiyalardan foydalanish samaradorligi, aerokosmik injiniring kabi qator mavzularni har tomonlama muhokama qilib, bu boradagi tajriba, bilim va koʻnikmalarini almashdilar.

Konferensiya doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari oʻrtasida “CYBERSPORT” musobaqasi oʻtkazildi. Taʼkidlash kerakki, kibersport nafaqat sport musobaqasi, balki raqobat ruhi, yuksak aqliy salohiyatni yuzaga chiqarish, adolatli kurashda iroda va xarakterni namoyon etish, ruhiyat va oʻziga boʻlgan ishonchni mustahkamlash imkoniyatidir.

Shu maʼnoda musobaqa ishtirokchilarning kasbiy tayyorgarligini takomillashtirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, oliy harbiy taʼlim muassasalari oʻrtasida harbiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash hamda sogʻlom raqobatni rivojlantirish, oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qildi.

Konferensiya yakunida ana shunday yangilanish va oʻzgarishlarga, yaratuvchanlikka chanqoq, faol ishtirokchilar, hamkorlar hamda eng namunali ishlanmalar mualliflari mutasaddilar tomonidan taqdirlandi.

Mayor Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti