“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi oʻtkazildi

0
1923

Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi oʻtkazildi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 17 ta shahar va tumanlardan kelgan eng sara jamoalar ishtirok etdi.

Musobaqaning ochilish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi va “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi aʼzolari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, chaqiruvga qadar yoshlarni tayyorlash fani oʻqituvchilari va oʻquvchilar qatnashdi. 

Musobaqa nizomiga koʻra, bellashuvda har jamoadan 7 nafar oʻgʻil va 3 nafar qiz bolalar ishtirok etishiga ruxsat berilgan. Harbiy-sport musobaqasining “Mohir mergan” deb nomlangan 1-shartiga koʻra yoshlar sport miltigʻidan nazorat otish mashqi orqali merganlik mahoratini namoyish etdi.

5 nafar oʻgʻil bolalar ishtirok etgan “Turnikda tortilish” shartida 4 daqiqa vaqt ichida kuchlarini sinovdan oʻtkazib, eng koʻp natija qayd etishlari kerak boʻldi.

“Harbiylashtirilgan estafeta” deb nomlangan 3-shartda ishtirokchilar avtomatni notoʻliq qismlarga ajratishi va yigʻishi, gazga qarshi niqobni kiyishi va oʻq-dori qutisini koʻtarib yugurishi kerak boʻldi. Bu shartda jamoadan 4 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Musobaqaning “Jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish” deb nomlangan 4-shartida ikki nafar ishtirokchi 50 metr masofaga zambilni koʻtargancha yuguradi va marrada yotgan shartli jabrlanuvchiga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatadi. Shundan soʻng jabrlanuvchini zambilga ortib, finish tomon yuguriladi.

“Safda qoʻshiq aytish” deb nomlangan keyingi shartda jamoalar safda shahdam qadamlar bilan yurib, harbiycha qoʻshiqlarni jonli ijro etishi belgilangan. Bunda saf elementlarini nizom qoidalari asosida bajarishi, safda yurishi, qoʻshiq kuylashi, ust-bosh kiyimi uchun har bir jamoa baholandi.

“Amir Temur tuzuklari bilimdoni” deb nomlangan shartda oʻquvchilar elektron dastur orqali 15 tadan 30 tagacha boʻlgan test savollarigi javob berishi va ularning har biri uchun qoʻshimcha ball egallashi mumkin boʻldi.

“Vatan tayanchchi yulduzlari” deb nomlangan yangi shartda jamoalarning sanʼatkorlik mahorati sinovdan oʻtkaziladi. Unda 5 nafardan kam boʻlmagan tarkibda qatnashadi.

Musobaqaning har bir shartida vaqt mezoni bilan adolatli baholash mexanizmi asosida ishtirokchilarning xatti-harakati baholab borildi.

Yakuniy natijalarga koʻra, barcha shartlar boʻyicha yuqori natija koʻrsatgan Qoraoʻzak tumanining “Temuriylar” jamoasi shohsupaning uchinchi pogʻonasidan joy oldi. Kegeyli tumanidan kelgan “Lochin” jamoasiga bu safar ozgina imkoniyat yetmadi va ular faxrli ikkinchi oʻringa loyiq deb topildi. Musobaqaning mutlaq gʻolibiga oʻtgan yilgi musobaqa gʻolibi Qonlikoʻl tumanining “Lochinlar” jamoasi aylandi.

Taqdirlash marosimida gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan kubok, medal, diplomlar, fahriy yorliqlar hamda esdalik sovgʻalari bilan mukofotlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati