Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug saflari yangi chaqiriluvchilar bilan toʻldi

0
7126

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlariga 2024-yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yosh va navqiron oʻgʻlonlar yetib keldi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasining chaqiruv yoshidagi fuqarolari shu yilning mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqirilmoqda.

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun Nukus shahriga maxsus eshelon bilan yetib kelgan oʻgʻlonlarni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Qurolli Kuchlar faxriylari, keng jamoatchilik vakillari “Nukus” temir yoʻl vokzalida kutib olishdi.

Darvoqe, mamlakatimizning turli viloyatlaridan saralab olingan mana shunday mard va zabardast oʻgʻlonlar joylarda tantana bilan kutib olinyapti. Zero yurt qoʻrishdek masʼuliyatli vazifaga kirishayotgan yigitlar xalqimiz, mamlakatimiz tomonidan yuksak qadrlanadi.

Shu munosabat bilan harbiy qismda oʻtkazilgan tadbirda okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov soʻzga chiqib, Vatan oldidagi muqaddas va sharafli burchni bajarish uchun kelgan yurtimizning mard oʻgʻlonlariga bukilmas iroda va matonat tiladi. Qoraqalpogʻiston zaminiga yetib kelgan azamatlarni qutlab, bu yurtning boy tarixiy merosi, madaniyati va urf-odatlari bir yil davomida muddatli harbiy xizmatni oʻtaydigan askarlarda katta taassurotlar qoldirishiga ishonch bildirdi. Vatanimizni koʻz qorachigʻidek asrab, yorugʻ yuz bilan uylariga qaytishlarini tiladi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri ijrosidagi diltortar navolar ostida qarshi olingan yangi chaqiriluvchilarga tantanali kutib olish marosimi oʻzgacha kayfiyat va shijoat bagʻishladi.