Oliy harbiy taʼlim muassasalari va Kinematografiya agentligi oʻrtasida memorandumlar imzolandi

0
1334

Insoniyat bor-ki qulaylikka oʻch. Kitob mutolaa qilishdan, eshitish yoki koʻrish oson tuyuladi, albatta. Oʻz oʻrnida ham koʻrib, eshitish orqali voqelikni chuqurroq his qilish imkoniyati paydo boʻladi. Bu borada kino sanʼati taʼsir vositasi oʻlaroq samaraliroq ekani koʻpchilikka ayon haqiqat.

Shu maʼnoda respublikamizdagi barcha oliy harbiy taʼlim muassasalari bilan Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi oʻrtasida imzolangan memorandum juda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Memorandumda kursant va tinglovchilarni tarbiyalashda “Yangi Oʻzbekiston”ni barpo etish davrida erishilgan yutuqlar, ijtimoiy, maʼnaviy, maʼrifiy jabhalarda roʻy berayotgan ulugʻvor oʻzgarishlar, mamlakatimiz gʻoyaviy-mafkuraviy tamoyillari hamda inson qadri, vatanparvarlik gʻoyalarini aks ettiruvchi kinofilmlar haftaliklarini tashkil etish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, kursant, tinglovchi va professor-oʻqituvchilar faoliyatiga bagʻishlangan badiiy va hujjatli filmlarni yaratishda hamkorlik qilish, oʻquv-moddiy bazani taqdim etish, ssenariylar ishlab chiqishda ishtirok etish nazarda tutilgan.

Tadbir davomida oʻtgan yillar mobaynida amalga oshirilgan ishlar hamda 2024-yil davomida rejalashtirilgan qoʻshma loyihalar taqdimoti ham oʻtkazildi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti