Muddatli harbiy xizmatchilar tantanali ravishda oʻz uylariga kuzatildi

0
3076

Bugun, 26-mart kuni poytaxtimizda qad rostlagan “Vatanga qasamyod” haykali poyida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan harbiy xizmatchilarni kuzatishga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Bundan bir yil muqaddam aynan ushbu maydonda yurt posbonlari ona-Vatanga sodiqlik qasamyodini qabul qilgan edilar. Oʻtgan vaqt davomida armiya maktabi ularni chin maʼnoda tobladi, mardlik, dovyuraklik xislatlarini uygʻotdi, dunyoqarashini yanada kengaytirdi.

Bayramona tadbirni mudofaa vaziri oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev ochib berar ekan, barcha muddatli harbiy xizmatchilarni chinakam yurt himoyachisi, matonatli oʻgʻlon, vatanparvar qalb egasi egasi ekanliklari bilan samimiy qutladi.

Soʻngra, harbiy xizmatchilarga orkestr sadolari ostida tavsiyanomalarni tantanali tarzda topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbir davomida soʻz olganlar milliy armiyamizning bugungi kundagi rivoji, ulkan va sharafli yutuqlari haqida toʻlqinlanib soʻzladi. Jumladan, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo oʻtgan bir yil yurt himoyachilarining yurtga, ota-ona va jamiyatga boʻlgan qarashlarini tubdan oʻzgartirgani, ular oddiy harbiy xizmatchi emas, har qanday qiyinchiliklarga yelka tuta oladigan, xalqini asrab-avaylashga tayyor boshqa oʻgʻil boʻlib uylariga yoʻl olayotganini faxr bilan taʼkidlab oʻtdi.

Tadbir davomida yangragan jangovar kuy-qoʻshiqlar, oʻtli nutqlar, harbiy xizmatchilarning dil soʻzlari barchaga birdek mamnunlik baxsh etdi.

Kapitan Bobur Elmurodov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti