Nukusda muddatli harbiy xizmatni oʻtagan askarlar uylariga kuzatildi

0
1749

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugga qarashli Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida yigitlik burchini oʻtab, rezervga boʻshatilgan muddatli harbiy xizmatchilar tantana bilan uylariga kuzatildi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazining tantanalar zalida harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni bilan o‘tkazilgan samimiy uchrashuvda qoʻmondon bir yil muddat ichida maʼnan va jismonan ulgʻaygan yoshlarga kelajagi uchun kerak boʻladigan pand-u nasihatlar berib, Vatan himoyachisi boʻlish kabi masʼuliyatli vazifa hammaga ham nasib etavermasligini taʼkidladi.

Suhbat davomida qoʻmondon namunali xizmati, komandirlar tomonidan qoʻyilgan vazifalarni bajarishdagi masʼuliyati, yurtimizning eng olis boʻlgan Shimoli-gʻarbiy hududlarini himoya qilish yoʻlida yuksak jangovar shayligi uchun askarlarga oʻzining minnatdorchiligini izhor etdi.

Shundan keyin harbiy qism saf maydonida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, rezervga boʻshatilgan askarlarning harbiylik hayoti bilan hayrlashish marosimi oʻtkazildi. Unda soʻz olganlar yigitlik burchini munosib bajarib, uylariga yorugʻ yuz bilan qaytayotgan askarlarga kelajakda ham Vatan, el-yurt uchun jonkuyar, fidoyi inson boʻlib qolishlarini tilashdi.

Tantana davomida muddatli harbiy xizmatchilarga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda qoʻshimcha ball beradigan harbiy qism qoʻmondonligining imtiyozli tavsiyanomalari topshirilib, bir guruh askarlar ota-onalariga tashakkurnomalar, faxriy yorliqlar bilan mukofotlandi.

Shundan soʻng yoshlar Mudofaa vazirligining buyurtmasiga asosan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan taqdim etilgan maxsus harbiy eshelon bilan harbiy orkestr sadolari ostida uylariga joʻnab ketishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati