Nukusdagi harbiy qismlarga yangi harbiy texnikalar tantanali topshirildi

0
4028

Nukus garnizonida joylashgan harbiy qismlardan birining jangovar va harbiy texnikalarni saqlash parkida Mudofaa vazirligi tomonidan xarid qilingan yangi harbiy texnikalarni tantanali tarzda foydalanishga topshirish marosimi oʻtkazildi.

Marosimda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Tadbirda nutq soʻzlaganlar bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston armiyamisiga boʻlgan eʼtibor tufayli koʻplab harbiy va jangovar texnikalarni yangilash, boʻlinmalarni zamonaviy qurol-aslahalar bilan butlash ishlari amalga oshirilganini eʼtirof etdi.

Taʼkidlash joizki, mazkur texnikalar Samarqandda “KAMAZ” rusumli avtoulovlarni yigʻishga moʻljallangan “UzAvto Trailer” MCHJning 2019-yildan faoliyatini boshlagan ishlab chiqarish liniyasida yigʻilgan. Ushbu texnika mamlakatimizning shimoliy sarhadlari tabiati, relyefi hamda iqlimi uchun juda mos boʻlib, qumli choʻl sharoitida yoʻltanlamas sifatida oʻzini namoyon eta olgan. 11 tonnadan ortiq yuk koʻtarishi va turli notekis yoʻllardan ravon harakatlana olishi avtomobilning harbiy soha uchun kerakli texnika sifatida baholanadi.

Harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni harbiy texnikalarni qabul qilgan harbiy xizmatchilarga tantanali tarzda kalitlarni topshirib, ularni esdalik sovgʻalari bilan taqdirladi.
Texnikalarni foydalanishga qabul qilgan haydovchilar tarkibidagi harbiy xizmatchilar ushbu yuk avtomobillarini jangovar shay va soz holatda ushlab turishga, ularga oʻz vaqtida texnik xizmatlar koʻrsatishga vaʼda berdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati