Harbiy okrug boʻylab “Turkiston bolalari” spektaklining premerasi boʻlib oʻtdi

0
1004

Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi hamda Oʻzbekiston milliy akademik drama teatri bilan hamkorlikda Jizzax, Samarqand, Kattaqoʻrgʻon hamda Navoiy garnizonlarida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun yozuvchi Javlon Jovliyevning “Qoʻrqma” romani hamda Bahrom Irzayevning “Oʻzbek yoshlari va xorijiy taʼlim” kitobi asosida sahnalashtirilgan “Turkiston bolalari” spektakli premerasi boʻlib oʻtdi.

Ushbu sahna asarida 1922-yilda tahsil olish, yurtga qaytgach Turkiston taraqqiyotiga hissa qoʻshish istagida olis Germaniyaga ketgan, Vataniga qaytgach esa qatagʻonga uchragan yoshlarning hayoti, ularning orzu-intilishlari oʻziga xos tarzda ochib berilgan.

Xususan, spektaklda jadidlar koʻmagi bilan Buxorodan Germaniyaga oʻqishga yuborilgan Abduvahhob Murodiy, Sattor Jabbor, Ahmad Shukriy, Xayriniso Majidxonova, Sulton Matqul, Maryam Sultonmurodova, Afzal Abdusaid kabi yoshlarning 1922-1937-yillardagi hayotiga oid voqealar qamrab olingan.

Eʼtiborga molik jihati shundaki, Turkistonni ozod va obod koʻrishni orzu qilgan, shu maqsadda kurashgan, jadidlar koʻmagi bilan chet davlatda taʼlim olgan talabalar obrazi va ularning ayanchli qismati hech bir tomoshabinni befarq qoldirmadi.

Umuman olganda sahna dekoratsiyasi, liboslar tomoshabinni oʻsha davr muhitiga olib kirib, yoshlarni har qanday sharoitda ham ilm olishga, Vatanni ardoqlashga chorlashi bilan ahamiyatli boʻldi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati