“Jasorat maktabi” navoiylik yoshlarning hayotida yangi sahifa ochmoqda

0
788

Navoiy garnizonidagi harbiy qismda 100 nafar navoiylik yoshlar ishtirokida tashkil qilingan 10 kunlik “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini yuqori saviyada davom etmoqda. Yigitlar har kunini erta tongdan badantarbiya mashg‘ulotlar bilan boshlab, kun davomida jismoniy, jangovar va saf tayyorgarligi kabi o‘quv mashg‘ulotlarida, shuningdek, dunyo va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat tahlillariga qaratilgan darslarda ishtirok etib, bilim va ko‘nikmalarini oshirib bormoqda.

Bundan tashqari, Navoiy shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida  yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Unda malakali mutaxassislar tomonidan santexnika, duradgorlik, chilangarlik, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish, sartaroshlik, issiqxonachilik, kompyuter savodxonligi kabi mashg‘ulotlar tashkil etilib, yoshlarning ertangi kunda kasb-hunar egallashiga ko‘mak berilmoqda.

Yig‘in doirasida yoshlarni harbiy-vatanparvalik ruhida tarbiyalash, tinch va osoyishta hayotning qadriga yetish, uni asrab-avaylash kabi tushunchalarni kengroq anglatish hamda yoshlar siyosatiga oid qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini to‘g‘ri yetkazish maqsadida “Uch avlod uchrashuvi”,  “Prokuror va yoshlar uchrashuvi” hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga alohida e’tibor qaratilgan.

Ayniqsa, ona Vatanni va tinchlikni ulug‘lovchi filimlar namoyishi, hayot maktabi sifatida o‘rnak bo‘la oladigan teatr tomoshalari, tashkil etilayotgan “Yosh kitobxon” va “Yosh shoir” kabi tanlovlar yoshlarga manzur bo‘lmoqda. Umuman olganda yigitlarning hukumatimiz tomonidan yaratib berilgan ushbu sharoit va imkoniyatlardan keng foydalanishga, mashg‘ulotlarni mukammal o‘rganishga va mustaqil hayotga dadil qadam tashlashga bo‘lgan ishonchi ortgan.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati