Surxondaryo viloyatining olis hududida harbiy prokuratura va kuch tuzilmalari sayyor qabul oʻtkazdi

0
1092

Bugun barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash boʻyicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratildi. Joylarda oʻtayotgan sayyor qabullar mavjud muammolarni hal etishda, shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi va Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralar hamkorligida Surxondaryo viloyati Denov tumanida ommaviy hamda sayyor qabullar tashkil etildi. Unda harbiy xizmatchilar va xodimlar, ularning oila a’zolari, yoshlar va pensionerlar ishtirok etdi.

Sayyor qabullarda murojaatchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari amalga oshirilishida yordam ko‘rsatildi. Jumladan, ommaviy qabulda Bosh prokuror o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori Botir Kudratxodjayev tomonidan tashrif buyuruvchilar tinglanib, muammoli masalalar atroflicha o‘rganildi.

Kelib tushgan jami 63 ta murojaatdan 25 tasi joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 33 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi. Muddat talab etadigan 5 ta murojaat mutasaddi tashkilotlarga yuborildi va ijrosi nazoratga olindi.

Qabullarda masʼullar murojaatchilarning savollariga javob qaytarishar ekan, qonunchiliklagi harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq oʻzgarishlar, imtiyozlar va ularning haq-huquqlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berib, Vatan himoyasida turgan oʻgʻlonlar va ularning oila aʼzolari muammolari hamisha qonuniy yechim topishini, Vatan xizmatiga intilayotgan yigitlarning harakatlari qoʻllab-quvvatlanishini bildirdilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti