Yoshlar bilan ishlashning “Xorazm tajribasi” harbiy poligonda oʻrgatildi

0
3216

Bugun inson ongini boshqarish, tafakkuriga yot gʻoyalarni singdirish, ichki xavfsizlik va barqarorlikni izdan chiqarishga boʻlayotgan harakatlar har birimizni ogohlik va hushyorlikka chaqirib, mafkuraviy immunitetimizni mustahkamlashga chorlaydi. Bunday vaziyatda, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillarida vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlash, ular bilan tizimli ishlarni tashkil etish oʻta muhim masalaga aylanmoqda.

Binobarin, bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni tomonidan joriy yil 12-yanvar kuni oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida ham dolzarb masala sifatida eʼtibor qaratilib, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va bandligini taʼminlash borasidagi ishlarni manzilli hayotga keng tadbiq etish boʻyicha aniq vazifalar belgilangan.

Ushbu vazifalardan kelib chiqib hamda 2024-yilda Oʻzbekistonda “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” munosabati bilan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Xorazm viloyati hokimligi hamda viloyat Yoshlar ishlari agentligi boshqarmasi bilan hamkorlikda “Yangiariq” umumqoʻshin poligonida tashkil etilgan ikki kunlik oʻquv-uslubiy yigʻinga jami 500 nafardan ziyod mahallalardagi yoshlar yetakchilari jalb etilib, yoshlar bilan ishlashning yangi tizimi boʻyicha malaka va bilimlari oshirilib, yoshlar yetakchilariga biriktirilgan mahallalarda faoliyatini samarali olib borishga koʻmak berildi.

Yoshlar bilan ishlashning yangicha usuli boʻlmish “Xorazm tajribasi” loyihasining tantanali ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi – harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Joʻrabek Rahimov, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, viloyat prokurori, viloyat Ichki ishlar borshqarmasi boshligʻi, Yangiariq tumani hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar, bugungi globallashuv jarayonlarida odamlar, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi oʻta murakkab sharoitda hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib, yoshlar tarbiyasi bilan puxta shugʻullanishimiz, bu jarayonda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning oʻrni va ahamiyati tobora ortib borayotganini alohida taʼkidlab oʻtishdi. Ushbu yigʻinda olingan bilim va tajriba kelgusida mahalla yoshlari bilan hamkorlikda ishlarni tashkil etishda, ularni vatanparvarlik va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda dasturilamal boʻlib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Ertalabki badantarbiya mashqlaridan boshlangan yigʻin barcha ishtirokchilar uchun harbiycha kun tartibiga qatʼiy amal qilish, kun davomida vaqtni toʻgʻri va unumli taqsimlashni oʻrgatib, bir kundan samarali foydalanish mumkinligini koʻrsatib berdi. Ishtirokchilar yigʻin davomida harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan harbiycha ust-bosh kiyim hamda uch mahal kaloriyaga boy taomlar bilan taʼminlandi.

Shundan soʻng yigʻin doirasida turli mavzularda maʼruzalar tinglanib, yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini bevosita mahallalarda hal etishning yangi tizimi haqida batafsil maʼlumotlar berib oʻtildi.

Nazariy mashgʻulotlar doirasida harbiy va ijtimoiy mavzulardan tortib, bugun yurtimizda olib borilayotgan keng islohotlar, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi yutuqlarimiz eʼtirof etilib, “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining oʻsib kelayotgan yosh avlod tarbiyasidagi oʻrni, mahallalardagi yoshlarni birlashtirish, ular muammolarini oʻrganish va ijobiy hal etish, turli psixologik trening mashgʻulotlarini oʻtkazish, ularda liderlik xususiyatlarini shakllantirish, ruhiy tushkunlikni yengib oʻtish boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi.

Shuningdek, yil yakunigacha “Yoshlar balansi” platformasi bazasida yaratilgan eng ilgʻor, vatanparvar yoshlarni muddatli harbiy xizmatga tavsiya etish boʻyicha shaffof va xolis tizimni mudofaa ishlari boʻlimlari elektron bazasiga bogʻlash haqida kelishib olindi.

Oʻquv-uslubiy yigʻinning amaliy qismida ishtirokchilar uchun oʻq otish tayyorgarligi, yashovchanlik asoslari, harbiy-tibbiy tayyorgarlik, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazildi. Harbiylashtirilgan estafeta va jamoaviy oʻyinlar yigʻinga jalb qilingan shaxsiy tarkib oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish bilan birga kuchli raqobat muhitini yaratdi.

Yigʻinning madaniy qismida ishtirokchilar uchun Nukus garnizoni harbiy orkestri, Xorazm viloyati xonandalari tomonidan konsert dasturlari, vatanparvarlik ruhidagi milliy sahna koʻrinishlari hamda filmlar namoyish qilindi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati