Psixologik qabul va motivatsion davra suhbati o‘tkazildi

0
903

Mudofaa vazirligi psixologik yordam koʻrsatish “Call-senter” boʻlinmasi tomonidan Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan harbiy qismlarda birinchi marta sayyor psixologik qabul va shaxsiy tarkib bilan oila psixologiyasiga doir motivatsion davra suhbatlari oʻtkazildi.

Unda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari hamda harbiy qismga biriktirilgan umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari ishtirok etdi.

Maʼlumki, 2023-yilning 10-oktabr kunidan Mudofaa vazirligida psixologik yordam koʻrsatish “Call-senter” markazi tashkil qilingan. 13-57 qisqa raqami orqali psixologik yordam soʻrab murojaat qilayotgan harbiy xizmatchilar hamda boshqa barcha fuqarolarga amaliy va tibbiy psixolog, psixoterapevtlar malakali xizmat ko‘rsatmoqda.

Mazkur markazning malakali mutaxassislarini jalb qilgan holda oʻtkazilgan sayyor psixologik qabulda xizmat va oiladagi oʻzaro munosabatlar, bolalar psixologiyasi va ruhiy salomatlikni muhofaza qilish borasidagi 20 ga yaqin murojaatlar qabul qilinib, har bir murojaatchi bilan zarur psixologik konsultatsiya ishlari olib borildi.

Oʻtkazilgan tadbirda asosiy eʼtibor, oila psixologiyasi, farzand tarbiyasi, oiladagi oʻzaro munosabatlar holatini yanada barqarorlashtirish, harbiy xizmatchilarning ichki potensialini yuzaga chiqarish, hissiy zoʻriqish va stressli holatlarni oldini olishga qaratildi.