Prezident maktabi oʻquvchilariga “Vatan tayanchi” koʻkrak nishonlari topshirildi

0
1028

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir ishlar samaradorligini oshirish va faollashtirish, bu boradagi taʼlim-tarbiyaviy ishlarga mamlakatimiz fuqarolarini, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarini hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini yanada faol jalb etish va yoshlar ongiga vatanparvarlik, mardlik tuygʻularini singdirish maqsadida Nurafshon shahrida joylashgan Prezident maktabi oʻquvchilariga “Vatan tayanchi” koʻkrak nishonlari va guvohnomalari topshirildi.

Tadbirda Nurafshon shahar hokimi oʻrinbosari N.Kulbekova, viloyat mudofaa boshqarmasi mas’ul xodimi A.Nurillayev, Prezident maktabi direktori oʻrinbosari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

2022-yil 2-mart kuni O‘zbekiston Prezidentining “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingandi. Bu oʻz navbatida, yurtimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mutlaqo yangicha yoʻnalishi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning yangicha shakli hisoblanadi.

Qarorda davlat umumtaʼlim maktablarida taʼlim olayotgan 10—11-sinf oʻquvchilari orasidan vatanparvar, eng intizomli va bilimli, tashabbuskor boʻlgan 20 nafar yoshlarni saralab olish orqali “Vatan tayanchi” otryadlarini tashkil etish belgilangan.

Shuningdek, qarorda “Vatan tayanchi” otryadlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tegishli idora va tashkilotlarga vazifalar, otryad aʼzolarining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishlari uchun imtiyozlar ham nazarda tutilgan.