Harbiy shifokorlar hamkorligida jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi

0
1891

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalini tubdan takomilashtirish toʻgʻrisidagi koʻrsatmasi bilan gospitalning turli jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazishga moʻljallangan yangi bosh binosi hamda Qurolli Kuchlar harbiy tibbiyot akademiyasi binosi foydalanishga topshirilgandi. Markaziy harbiy klinik gospitalning mavjud boʻlimlari zamonaviy talablarga mos ravishda tibbiy uskunalar bilan jihozlanib, mamlakatimiz aholisi salomatligi yoʻlida ish faoliyatini yanada kengaytirganidan koʻpchilikning xabari bor.

Oʻtgan davr mobaynida gospital shifokorlari xorijiy davlatlar mutaxassislari bilan hamkorlikda yuqori texnologik amaliyotlari va mahorat darslarini oʻtkazish, murakkab tibbiy muolajalar koʻrsatish   borasida ham salohiyatli yutuqlarga erishib ulgurdi. Bu yerda Turkiya, Hindiston, Germaniya, Pokiston, Koreya Respublikasi kabi oʻnlab davlatlarning tajribali shifokorlari oʻzbekistonlik hamkasblari bilan birgalikda yuzlab, minglab insonlarni har xil kasalliklardan forigʻ etayotgani ahamiyatli. Ayni kunlarda Markaziy harbiy klinik gospitali shifokorlari oʻz anʼanalariga sodiq qolgan holda Hindiston Qurolli Kuchlari tasarrufidagi Dehli harbiy gospitali mutaxassislari – Gaurav Mittal hamda Sibir Dey bilan hamkorlikda sogʻligida muammosi bor hamyurtlarimizga yordam koʻrsatishni davom ettirmoqda. Ularning har ikkalasi ham tibbiy xizmat polkovnigi boʻlib, travmatolog (harakat, tayanch tizimi) va asab jarrohligi sohasida tajribaga ega.

Markaziy harbiy klinik gospitalning travmatologiya hamda asab jarrohligi boʻlimlarida hind mutaxassislari bilan birgalikda bir kunning oʻzida oʻnga yaqin jarrohlik amaliyoti oʻtkazilyapti. Sogʻligʻining harakat, tayanch va asab tizimida muammolari mavjud harbiy xizmatchilar, nafaqadagi Qurolli Kuchlar faxriylari va fuqarolar qoʻli yengil shifokorlarning saʼi-harakatlari tufayli dardiga shifo topmoqda. Kecha 17-yanvar kuni travmatologiya hamda asab jarrohligi boʻlimida boʻlim bosh shifokori tibbiy xizmat polkovnigi Bahriddin Koʻcharov boshchiligida ikki nafar bemorning tos-son-chanoq sohasiga entoprotez oʻrnatish, ikki nafar bemorning esa tizza boʻgʻimida ortroskopeya boʻyicha amaliyot oʻtkazildi. Hindistonlik Gaurav Mittal aynan tos-son-chanoq sohasiga entoprotez oʻrnatish jarayonida qatnashdi.

Tibbiy xizmat polkovnigi Bahriddin Koʻcharovning qayd etishicha, bu kabi jarrohlik amaliyoti va oʻzaro tajriba almashish ishlari ancha vaqtdan buyon davom etib kelyapti. Aynan shu hamkorlik doirasida Markaziy harbiy klinik gospitali shifokorlari Hindistonga xizmat safari bilan borib, jarrohlik amaliyoti boʻyicha tajribalarini oshirib kelishgan.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti