“Jaloliddin izdoshlari – Vatanimiz posbonlari” mavzusida fan olimpiadasi oʻtkazildi

0
710

Xorazm viloyatida joylashgan Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyida viloyatdagi barcha umumtaʼlim maktablarining 9-sinf oʻquvchilari oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 32 yilligi munosabati bilan “Jaloliddin izdoshlari – vatanimiz posbonlari” mavzusida fan olimpiadasi oʻtkazildi.

Musobaqa fizika va matematika fanlaridan oʻtkazilgan boʻlib, unda barcha fanlardan jami 276 nafar oʻquvchi yoshlar ishtirok etdi. Urganch davlat universiteti oʻqituvchilaridan iborat hakamlar hayʼati aʼzolari tomonidan shaffof tarzda baholab borilgan mazkur bellashuvda qatnashchilarning barchasi gʻoliblik uchun bor kuch va imkoniyatlarini ishga solishdi.

Ikki bosqichda oʻtkazilgan olimpiada natijalariga koʻra, matematika fanidan Hazorasp tumani “Toʻlqin” innovatsion fizika-matematika nodavlat taʼlim muassasasi oʻquvchisi Iskandarov Bunyodbek 3-oʻrin, Shovot tumani Shovot ixtisoslashtirilgan maktab internati oʻquvchisi Bobojonov Shoxruzbek 2-oʻrin, Tuproqqalʼa tumani Tuproqqalʼa ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchisi Eshchonov Hamidjon esa faxrli 1-oʻrinni egalladi. Shuningdek, fizika fanidan Shovot tumani ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻquvchisi Rahimov Sirojbek 3-oʻrin, Gurlan tumani 30-maktab oʻquvchisi Alimboyeva Maftuna 2-oʻrin, Urganch tumani 45-maktab oʻquvchisi Vaisboyev Rahimboy 1-oʻrinni qoʻlga kiritdilar.

Yakunda baxslarda muvaffaqiyatli ishtirok etib gʻalaba qozongan ishtirokchilar taʼlim maskani rahbariyati tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Bu kabi fan olimpidalari maktab rahbariyati tomonidan respublikamizning boshqa viloyatlar yoshlari oʻrtasida ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti