Oliy Majlis Senatida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining 2023-yil vazifalari natijasi muhokama qilindi

0
2414

Oliy Majlis Senatida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda  qoʻmita tomonidan 2023-yildagi faoliyati hisoboti va 2024-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar muhokama qilindi.

Majlisda senatorlar, qoʻmita huzuridagi Ekspert guruhi aʼzolari, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasidan taklif qilingan masʼul rahbarlar hamda professor-oʻqituvchilar va fan doktori ilmiy darajasiga ega ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Majlis davomida qoʻmita raisi Qutbiddin Burhonov 2023-yildagi faoliyat yuzasidan oʻz axborotini oʻqib eshittirdi. Taʼkidlanganidek, qoʻmita mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning qonuniy asoslarini mustahkamlash, ularning natijadorligini taʼminlashda parlament nazoratini olib borish jarayonlarida faol qatnashdi.

Koʻrib chiqilayotgan har bir qonun va masala muhokamasida inson haq-huquqlarini, yurtimiz taraqqiyotini taʼminlash, hududlar manfaatlarini ilgari surish kabi jihatlarga alohida eʼtibor qaratdi. Shuningdek, xalqaro maydonda davlatimiz imidjini yaxshilash, jumladan, parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish, mahalliy Kengashlar faoliyatini kuchaytirish kabi muhim yoʻnalishlarda ish olib bordi.

Qoʻmita majlisida 2024-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga ham qisqacha toʻxtalib oʻtildi. Majlis soʻngida koʻrilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti