Sirdaryoda “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” oʻtkazildi

0
1330

Yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, harbiy kasbga boʻlgan qiziqishini oshirish maqsadida Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganligining 32 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyati Malik aholi punktidagi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi tasarrufidagi harbiy qismda “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” oʻtkazildi.

Unda harbiy qism komandiri, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi, talabalar, harbiy xizmatchilar va ularning farzandlari ishtirok etdi.

Dastlab, uchrashuvda muddatli harbiy xizmatchilar bugungi kunda yoshlarga oid davlat siyosati hamda ularga berilayotgan imtiyozlardan unumli foydalanishga oid savollariga javob oldi.

Soʻngra, yoshlar va harbiy qism komandiri oʻrtasida ochiq muloqot oʻtkazildi. Harbiy qism tarixi hamda undagi mutaxassisliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tinglangach, yoshlar harbiy kasbga doir oʻzlarini qiziqtirgan savollariga ham javob olish imkoniyatiga ega boʻldi.

Yakunda tadbirda faol boʻlgan bir guruh yoshlarga esdalik sovgʻalar topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti