Nukus va Andijon garnizonlaridagi askarlar yaqinlari bilan onlayn uchrashdi

0
1215

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi prezident farmoyishiga asosan mamlakatimiz boʻylab turli tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Nukus va Andijon garnizonlarida yigitlik burchini oʻtayotgan askarlar va yaqinlari ishtirokida onlayn videokonferens aloqa orqali “Askar onalarini sharaflaymiz!” mavzusida boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Andijon garnizoni harbiy qismida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan qoraqalpogʻistonlik yigitlar ota-onalari bilan diydor koʻrishgan boʻlsa, Nukus garnizonida yigitlik burchini bajarayotgan andijonlik askarlar yaqinlari bilan onlayn rejimda uchrashdi.

Tadbir hayajonli va quvonchli lahzalarga boy oʻtdi. Toʻqqiz oydan buyon ming chaqirim olisda yurt himoyachisi degan sharafli nomga munosib oʻgʻlonlar safida harbiy xizmatni oʻtayotgan farzandini onlayn boʻlsa-da, koʻrib quvongan onalarning koʻzlarida quvonch yoshlari, otalarning qalbi gʻurur va iftixordan toʻlib toshdi. Andijonlik va qoraqalpogʻistonlik askarlar ota-onalari va yaqinlariga harbiy xizmatdagi shart-sharoitlardan soʻzlab, dil izhorlarini sheʼr va qoʻshiqlar bilan ifodalashdi. Askarlar ota-onalari va yaqinlarini kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklagan boʻlsa, ularning yaqinlari komandir va boshliqlarga oʻz minnatdorchiligini bildirishdi.

Tadbirda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy boʻlinmasi aʼzolari va faxriylar ishtirok etdi. Qoraqalpogʻistonlik askarlarning onalariga harbiy okrug qoʻmondonligining tashakkur xatlari yetkazildi. Nukus garnizonida yigitlik burchini oʻtayotgan yigitlar hayoti haqida soʻzlovchi videolavha yurtimiz himoyasi ishonchli qoʻllarda ekanini namoyish etdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati