Farg‘ona viloyatida urush faxriylariga bayram kayfiyati ulashildi

0
1686

Yangi yil bayrami oldidan Farg‘ona viloyatida yashovchi 13 nafar Ikkinchi jahon urushi faxriylari holidan xabar olindi. Ularga Prezidentimizning bayram tabrigi, pul mukofotlari, sovg‘alar, oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Viloyat hokimi, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari va okrug mas’ul ofitserlari, harbiy orkestr jamoasi, viloyat sektorlari rahbarlari bilan birga Farg‘ona tumanida yashovchi Tursunbek ota Isanbekov hamda Farg‘ona shahrida yashovchi Fatina aya Sharipova xonadonlarida bo‘lib, urush qatnashchilarini hamda ularning oila a’zolarini bayram bilan tabrikladi. Davlatimiz rahbarining tabrigini o‘qib eshittirib, mukofotlar tantanali topshirildi.

Tursunbek ota Isanbekov Xonqiz qishlog‘ida yashaydi. 1944-yil 19 yoshida urushga ketib, 1950-yilda Vatanga qaytgan. So‘ng “kolxozda” brigadirlik qilgan. Turmush o‘rtog‘i Xabibaxon aya bilan 3 o‘g‘il, 5 qizni tarbiyalab uyli-joyli qilishgan.

Fatina Sharipovaning bolalik yillari nemis-fashistlarning Gannover-Alem konslagerida o‘tgan. Urushdan so‘ng O‘zbekistonga jo‘natilgan Fatina Sharipova, dastlab Buxoro shahrida, 1964-yildan Farg‘ona shahrida yashab keladi. Uzoq yillar davomida ta’lim sohasida samarali faoliyat olib borgan. Bir o‘g‘li, bir nabirasi ardog‘ida.

Nuroniylar hurmat va mehr og‘ushida yashayotganliklari, sog‘liqlari yaxshi, hayotlaridan rozi ekanliklarini aytib, o‘zlariga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdilar.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati