Qo‘l jangi boʻyicha “Xotira turniri” bo‘lib o‘tdi

0
1853

Toshkent shahrida joylashgan “Yunusobod” sport majmuasida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda oʻz vazifasini bajarish chogʻida qahramonlik va jasorat koʻrsatib, halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar xotirasiga bagʻishlangan qo‘l jangi boʻyicha “Xotira turniri” bo‘lib o‘tdi.

“Xotira turniri” O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l janggi federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil qilindi. Unda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy xizmatchilari bir nechta vazn toifasida jang olib bordi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Prezident Davlat xavsizlik xizmati, DXX va Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyati, hamkor davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faol va havaskor yoshlar hamda sport ustalari ishtirok etdi. Barcha vazirlik va idoralar rahbarlari turnirning final janglarini bevosita kuzatdi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar 2022-yil 20-iyun kuni imzolangan “Qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilab o‘tilgan vazifalarga to‘xtalib, uning mazmun-mohiyati haqida gapirib o‘tdi. Jumladan, prezident qarorida mamlakatimizda qo‘l jangi sport turini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab o‘tilgan bo‘lib, mazkur “Xotira turniri” har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilishi ta’kidlandi.

Ochilish marosimining konsert dasturidan soʻng bellashuvlarga start berilib, g‘oliblar birin-ketin aniqlana boshladi. Darhaqiqat, bellashuvlarning saralash bosqichi jangchilar uchun oson kechmadi. Chunki har bir harbiy xizmatchi g‘oliblik uchun bor imkoniyatlarini ishga soldi. Final maydoniga esa saralash bellashuvlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etgan eng kuchlilar ko‘tarildi. Jangchilarning bor e’tibori faqat gʻalabaga qaratilgan final janglari oʻz-oʻzidan intirigaga boy oʻtdi.

Shiddatli va murosasiz kechgan bahslar yakuni bo‘yicha umumjamoa hisobida Davlat xavfsizlik xizmati birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Mudofaa vazirligi sportchilariga nasib qilgan bo‘lsa, uchinchi o‘ringa Ichki ishlar vazirligi munosib ko‘rildi. Shuningdek, bir nechta vazn toifasida va nominatsiyalar bo‘yicha ham qo‘l janggi ustalari aniqlandi.

G‘olib va sovrindorlar turnir tashkilotchilari tomonidan kubok, diplom va esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti