Markaziy harbiy okrugda “Vatanparvarlik oyligi”ga start berildi

0
1707

“Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident farmoyishiga asosan mamlakatimizda “Yangi Oʻzbekiston armiyasi — mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida “Vatanparvarlik oyligi”ga start berildi.

Unga koʻra, joylarda taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar, sportchilar, harbiy xizmatchilar va jamoat tashkilotlari vakillarini jalb etgan holda aholining keng qatlamlari orasida madaniy-maʼrifiy, harbiy-vatanparvarlik va sport tadbirlari oʻtkazilishi belgilangan.

Kuni kecha ushbu farmoyishga muvofiq, Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi Samarqand, Jizzax, Kattaqoʻrgʻon hamda Navoiy garnizonlarida aholi va yoshlar ishtirokida “Vatanparvarlik oyligi”ga start berildi. Unda viloyat hokimliklari, Markaziy okrug qoʻmondonligi, garnizon boshligʻlari, keng jamoatchilik vakillari hamda aholi va yoshlar ishtirok etishdi.

Festivallar doirasida oʻtkazilgan harbiy paradlar, harbiy xizmatchilarining qoʻl jangi, faxriy qorovul, DXX Chegara qoʻshinlarining xizmat itlari ishtirokidagi chiqishlari hamda harbiy orkestr jamoasining kuy-qoʻshiqlari va turli konsert dasturlari yigʻilganlarga oʻzgacha koʻtarinki ruh, bayramona kayfiyat ulashdi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati