Aloqa harbiy instituti kursantlari qishki yakuniy nazorat imtihonlaridan oʻtmoqda

0
1200

Oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari uchun “gʻalvir suvdan koʻtariladigan palla” boshlandi. Chunki qishki yakuniy nazorat imtihonlari boʻlajak ofitserlarning yarim yil davomida qay darajada bilim va malakaga ega boʻlganini sinovdan oʻtkazadi.

Ayni kunlarda Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida 5-bosqich kursantlarning qishki yakuniy nazorat imtihonlarini topshirish jarayonlari boʻlib oʻtmoqda. Unda boʻlajak ofitserlar oʻzlarining mutaxassisliklari hamda gumanitar fanlar, taktik-maxsus tayyorgarlik, xorijiy tillar va jismoniy tayyorgarlik boʻyicha yarim yil davomida olgan nazariy hamda amaliy bilimlarini sinovdan oʻtkazgan holda, ustozlaridan olgan saboqlarini oqlashga harakat qiladi.

Ayni vaqtgacha kursantlarga imtihonlarga tayyorgarlik koʻrishlari uchun barcha qulayliklar va shart-sharoitlar yaratilib, professor va malakali oʻqituvchi ofitserlar tomonidan qoʻshimcha konsultatsiyalar oʻtilgan.

Yakuniy nazorat sinovlarini qabul qilayotgan komissiyasi aʼzolari kursantlarning bilim darajasi zamonaviy davlat taʼlim standartlari talablariga qanchalik muvofiqligini shaffof va xolisona baholashmoqda.