Nukusda “Vatanparvarlik oyligi” tantana bilan boshlandi

0
1334

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 32-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida “Vatanparvarlik oyligi”ga start berildi.

Tantanali tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, harbiy xizmatchilar, yoshlar, Qurolli Kuchlar fahriylari hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalari davlat madhiyalari yangragan bayram tantanasining ochilish marosimida harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni barchani yurtimiz uchun muhim boʻlgan “Vatanparvarlik oyligi”ni munosib oʻtkazishga chaqirdi. Qoʻmondon oʻz nuqtida bugun yoshlarimiz uchun Vatanni himoya qilish nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki muqaddas vazifa, armiya esa hayot maktabi boʻlib qolganini eʼtirof etdi.

Soʻnggi yetti yilda Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilgan islohotlar Vatanimiz va xalqimizni har qanday tajovuzlardan himoya qila oladigan zamonaviy milliy armiyani yaratishga, uning qudratini oshirishga, harbiy kasb nufuzini oshirishga xizmat qilayotganini taʼkidladi. Ana shunday islohotlar mevasi sifatida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugida amalga oshirilib kelinayotgan katta bunyodkorlik ishlar, harbiy xizmatchilar tomonidan qoʻlga kiritilayotgan ulkan yutuqlar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Qurolli Kuchlarning tezkor boshqaruvini amalga oshirish, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnikalar bilan butlash hamda harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar tufayli bugungi kunda aholi orasida armiya va yurt himoyachilariga boʻlgan ishonch ortib bormoqda.

Darvoqe, soʻnggi yillarda harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi va maʼnaviy salohiyatni yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilgan koʻlamli ishlar yurt himoyachilari timsolini yuksaltirishga, harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Tadbirning navbatdagi mehmoni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Milliy gʻoya, maʼnaviyat asoslari va huquq taʼlimi kafedrasi mudiri, siyosiy fanlar doktori Almagul Bayriyeva “Sohibqiron Amir Temur – mardlik, jasorat, vatanparvarlik timsoli mujassamlashgan buyuk siymo” mavzusida maʼruza qildi.

Shundan soʻng, muhtasham markazning faollar zalida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq universitetining “Xalq cholgʻulari” talabalar simfonik orkestri ijodkorlari tomonidan oʻzbek, qoraqalpoq va jahon klassikasining yorqin namunalari repertuariga boy kuy va qoʻshiqlari hamda Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestrining Vatan madhini tarannum etgan musiqiy chiqishlari tadbirga xushkayfiyat ulashdi.

Taʼkidlash joizki, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlarida “Vatanparvarlik oyligi” doirasida turli maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy va sport tadbirlari, muruvvat va saxovatga yoʻgʻrilgan xayrli ishlar, uchrashuv va festivallarning barchasi xalq va armiya birdamligi ramzi sifatida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati